Tabiatga yetkazilgan zarar javobsiz qolmaydi
2020-yilning 9 oy davomida Davlat ekologiya qoʻmitasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiyasi tomonidan 37 ming 543 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan.
Prezidentimizning 2018-yil 3-oktyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Davlat ekologiya qoʻmitasining tuman va shaharlarda inspeksiyalari tashkil etilib, respublikamizning barcha hududlarida ekologik nazoratni amalga oshirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgan edi.
2020-yilning 9 oy davomida Davlat ekologiya qoʻmitasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiyasi tomonidan 37 ming 543 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan.
Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, huquqbuzarlarga nisbatan belgilangan jarima 16 800 million, tabiatga yetkazilgan zarar esa 15 133 millionni tashkil qilgan.
Aniqlangan huquqbuzarliklardan 1 ming 457 ta holat boʻyicha 11 788 million jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida toʻplangan hujjatlar tegishli organlarga kiritildi. 60 mingdan ortiq korxona va fuqaro bilan sohaga oid profilaktika tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek, 22 ta holat boʻyicha 8 810 million soʻmlik daʼvo ishlar yuzasidan qonunbuzarlik sodir etgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan.
Huquqbuzarlardan 337 dona hayvon va parranda, 1380,4 kilogramm baliq, 49 tonna dorivor va oziq-ovqatbop oʻsimliklar, 884,7 m³ oʻtin, 91 ta ov quroli, 95 ta aslaha, 1 ming 290 ta toʻr, 46 ta elektr qarmoq, 141 ta elektr arra, bolta va boshqa inventarlar olib qoʻyilgan. Shundan 70 ta ov quroli huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan, 34 ta ov quroli va aslaha, 23 ta inventar musodara qilingan, 17 ta ov quroli esa qaytarib berilgan.