Tabiat – siz, biz va hammamiz!
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish o‘zbek xalqiga xos fazilat. Qolaversa, daraxtlar nafaqat tabiatga ko‘rk bag‘ishlaydi, balki inson salomatligiga ham xizmat qiladi. Shu maqsadda poytaxtimizda joylashgan Yangi O‘zbekiston bog‘ida “Yashil shahar” ekologik aksiyasi o‘tkazildi.
Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova, shuningdek, sportchilar, sa’natkorlar, jurnalist-blogerlar, davlat mukofoti sovrindorlari va volontyor yoshlar ishtirokida 300 tup chinor ekildi.

Daraxtlar ichida uzoq muddat yashashi va ekologik ofatlarga chidamliligi bilan ajralib turuvchi chinorlarning har biri 20 kilogramgacha karbonat angidrid yutib, tabiat uchun filtr vazifasini bajaradi.
Shuningdek, aksiya doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz” shiori ostida rasmlar tanlovi ham tashkil etildi. Unda yosh rassomlar barchaning ko‘z o‘ngida tabiatni asrash borasidagi tasavvurlarini mo‘yqalam yordamida tasvirladi.

Shu bilan birga, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Elbek bog‘ida “Yashil shahar” aksiyasi doirasida “Urikguli” taxallusi bilan ijod qiluvchi eko-bloger Mo‘tabar Xushvaqtova bilan hamkorlikda “Xazon – chiqindi emas, o‘g‘it” shiori ostida daraxtlar tagida chuqur qazilib, xazonlar ko‘mildi.
Xazonlar yoqib yuborilsa, havo zaharlanadi. Bu inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uni yerga ko‘mish esa daraxtlarni tabiiy o‘g‘it bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yer tabiiy o‘g‘it bilan yaxshi oziqlanganda daraxtlar uzoq yashaydi. Bu esa bizni toza havo bilan ta’minlaydi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad shahar aholisi, ayniqsa, yoshlarda atrof-muhitni muhofaza qilish, ona-tabiatga mehr-muhabbat, jamoat joylarida chiqindilarni belgilangan maxsus qutilarga tashlash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Tabiatga bo‘lgan munosabat har qanday fuqaroning salomatligi uchun qay darajada ahamiyatli ekanligi targ‘ibotlar davomida tushuntirildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA