Tabiat bilan uyg‘un agroo‘rmonchilik – barqaror kelajak kafolati
Respublika Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Yashil loyiha” loyihalash instituti davlat muassasasi tomonidan Namangan shahridagi “Oydin plaza” mehmonxonasi anjumanlar zalida ekologik tasniflash ishlari va zamonaviy yondashuvlarga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2024-yil 27-martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur anjumanda o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari, viloyat va tuman hokimliklari, prokuratura organlari, viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi mas’ul mutasaddilari, “O‘rmon xo‘jaligi” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari, loyiha ekspertlari hamda soha vakillari qatnashdilar.
Tadbirda o‘rmon hududlarida o‘tkazilgan tasniflash natijalari: o‘rmon xo‘jaliklarida innovatsiyalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar xususida so‘z yuritildi. O‘rmon fondi yerlarini ekologik tasniflash natijalari, xo‘jaliklarda barqaror boshqaruv tizimini joriy etish, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash, suvni tejash texnologiyalarini qo‘llash, agroo‘rmonchilik tadbirlarini rivojlantirish, yaylovlarni qayta tiklash, bioxilma-xillikni saqlash va muhofaza qilish kabi dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, Namangan viloyatida joylashgan Namangan, Kosonsoy va Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari, “O‘rtaorol” davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi hamda Pop MTB hududlarida o‘rmon fondi yerlarining ekologik holatini o‘rganish, degradatsiyaga uchragan maydonlarni tiklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 27 ming 610 gektar maydon ekologik tasnifdan o‘tkazildi. Shuningdek, o‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha 18 ming 300 gektar maydon, yaylovlarni qayta tiklash bo‘yicha 5 ming 500 gektar maydon, suvni tejash va tuproq eroziyasining oldini olish tadbirlari doirasida 1 ming 200 gektardan ziyod hudud qamrab olindi.
Qolaversa, agroo‘rmonchilikni rivojlantirish, sanoatbop o‘rmonlar tashkil qilish hamda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislarning qayd qilishicha, ekologik tasniflash ishlari o‘rmon fondi yerlarining real holatini baholash, hududlarning ekologik salohiyatini aniqlash hamda kelgusidagi boshqaruv rejalarini ilmiy asosda shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Bu, o‘z navbatida, Namangan viloyatida yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanish va degradatsiya jarayonlarini kamaytirish hamda ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Yashil loyiha” loyihalash instituti davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Farhod Dehqonovning aytishicha, respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan bunday seminarlar o‘rmon xo‘jaliklaridagi ekologik tasniflash natijalarini joylarda tushuntirish va amaliyotga joriy etish, o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish, tabiiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlash, agroo‘rmonchilikni rivojlantirish, suvni tejash hamda tuproq eroziyasining oldini olish borasida amaliy ko‘nikmalarni oshirish, hududiy xo‘jaliklar mutaxassislari salohiyatini mustahkamlash va yagona yondashuvlarni shakllantirishda yaxshi samara berishi shubhasiz.
[gallery-29592]
Anjuman davomida xorijda malaka oshirib qaytgan soha mutaxassislari tomonidan agroo‘rmonchilikni rivojlantirish, xususan o‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish, yaylovlarni birlamchi baholash, dala ishlarini tashkillashtirishda zamonaviy yondashuvlar, sanoatbop o‘rmonzorlar barpo qilish, dorivor plantatsiyalarni tashkil etish, o‘rmon fondi yerlarida suvni tejash borasida AQSH, Hindiston, Italiya, Ispaniya, Fransiya,Xitoy mamlakatlari tajribalari hamda ularni yurtimizda tatbiq etishning foydali jihatlari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA