Tabarruk onaxonning ezgu duosi
Davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida mamlakatimizdagi bir guruh 100 bilan yuzlashib, undan ham oshgan nuroniylar "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha go‘shalarida yuksak mukofotlar o‘z egalariga tantanali tarzda topshirilmoqda.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qilayotgan Irisbonu Usmonova ana shunday barakali umr kechirayotgan nuroniylardan sanaladi.

Irisbonu aya turmush o‘rtog‘i Tursunboy Usmonov bilan 11 nafar farzandni oq yuvib, oq taradi, voyaga yetkazdi, o‘qitdi, kasb-korli qildi. Bu oilaning farzandlari bari oliy ma’lumotli bo‘lib, turli tashkilot va idoralarda mehnat qilmoqdalar. Onaxon bugungi kunda 80 nafar nabira va 50 nafar evara hamda chevaralarning e’zozida, el hurmati va ehtiromida umrguzaronlik qilmoqda.
Eng ulug‘ va eng aziz bayram arafasida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov Irisbonu Usmonova istiqomat etayotgan xonadonda bo‘lib, unga "Shuhrat" medalini topshirdi.
–Xalq dardi bilan yashayotgan, keksalarga mehr va e’tibor ko‘rsatayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning umrlari uzoq bo‘lsin, tanu jonlari sog‘ bo‘lsin, – deb duo qildi tabarruk yoshdagi onaxon. – Yurtimizda doim tinchlik, to‘kinlik, baraka va rivoj bo‘lsin!
Darhaqiqat, bugun yurtimizdagi har bir nuroniy shunday ezgu tilaklar bilan duoga qo‘l ochmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA