Taʼzim SIZGA, ustozlar!
Pardoz-andoz buyumiga sira joy yetmagan katta sumkaning ichi nuqul kitob-daftar, qalam-ruchkaga liq toʻla.
Onam oʻqituvchi boʻlganlar. Bu kasbning mashaqqati aslida barchamizga bolalikdan ayon boʻlsa-da, hali hamon ularning qanday qilib shoqin-suron, bolalar toʻpoloni tinmagan maktabda qirq besh-ellik yil muallimlik qilganiga hayratlanaman.
Pardoz-andoz buyumiga sira joy yetmagan katta sumkaning ichi nuqul kitob-daftar, qalam-ruchkaga liq toʻla. Baʼzan onam ishlaydigan maktab tomon yoʻl olardim. Ularning baland ovozda, shahdu shiddat bilan dars oʻtishidan oʻylardimki, “shu mening oyimlarmi”, deb.
Kunlik, choraklik oʻquv rejalar, tinimsiz yozuv yozishlari yetmagandek, “Mirko uchastka” degan bosh ogʻriq,bitmas-tuganmas topshiriq boʻlardi. Barcha oʻqituvchilar kabi oyim ham uyma-uy yurib, xonadon aʼzolari qayerda ishlashi, qayerda oʻqishiga oid qandaydir maʼlumotlar toʻplar, keyin qalin daftarga uzundan uzoq hisobotlarni toʻldirishga toʻgʻri kelardi...
Darslar soʻng mavzuni boʻsh oʻzlashtirgan bolalar bilan ishlashdek murakkab jarayon boʻlardiki, oyim emas, men qiynalib ketardim. Kasbni astoydil qadrlabmi, Sanobar Rahmonovaning ustozlarga bagʻishlangan qoʻshigʻini hamon miriqib tinglaydilar. Aslida bu qoʻshiqni ustozlarga madhiya atasak haqqimiz ketmas!
Oʻsha paytlar biron ijtimoiy obyekt ochilsa ham oʻqituvchilar borib tozalardi. Qogʻoz parchalari, metall toʻplash, keraksiz majlislarda, yigʻilishlarda, allambalo seminarlarda qatnashish, muttasil yozuv-chizuv, asl maqsad- muddaosi tushunarsiz boʻlgan komissiyalarning kelishiga tayyorgarlik koʻrish oʻqituvchining gardanida edi. Buning jabrini koʻpchilik ustozlar kabi oyim ham juda koʻp tortganlar. Oʻqituvchilar gazetasi, maktab hayotiga oid usti yam-yashil jurnal oyimning eng sevimli nashrlaridan edi.
“Oʻzlari oʻqituvchi boʻlsa, yana nega hadeb gazet-jurnal oʻqiyveradilar”, deb oʻylardim. Endi tushunamanki, qaysi kasb egasi boʻlmasin, oʻqib, izlanish kasbiy salohiyatni muttasil charxlash yoʻlida koni foyda ekan. Koʻrinishdan zerikarli tuyulgan nashrlar pedagoglar uchun ish uslubini doimiy takomillashtirib borish uchun yaxshigina qoʻllanma edi.
Oʻzimiz ham bola boʻlganmiz. Maktabda oʻqiganmiz. Xuddi bir nimani qoyil qilgandek, muallimlarning ayrim xatti-harakatiga sira tushunmasdik. “Ona tili va adabiyot oʻqituvchimiz Badriddin aka qoʻsh koʻzoynak taqadi.” Endi anglaymanki, kitobdan bosh koʻtarmagan insonda koʻz nuri qolsinmi!? “Botanika oʻqituvchimiz Salima opa nuqul majlisdan yigʻlab chiqadi”. Endi tushunamanki, “ikkichi” oʻquvchilarning begʻam, beparvoligi opani koʻp yigʻlatgandi oʻshanda.
“Jismoniy tarbiya oʻqituvchimiz oʻzi qumga sakrab bilmaydi...” Oltmish yoshdan oshgan muallim qanday qilib uzoqdan yuguri-i-ib, qumga sakrasin?!.. “Rus tili oʻqituvchimiz Liliya opa shkafga somsa berkitib yeydi...” Endi oʻzimizdan uyalamizki, u bechora jurnal toʻldirish, mavzuni tushuntirish, daftar tekshirish, bilimlarni baholash, yana qancha yumushdan,liq toʻlgan dars jadvalidan ortib tamaddi qilishga qanday ulgursin...
Bugun oʻqituvchini qiynayotgan muammolar ochiq aytilib, ularga tizimli yechim topilmoqda. Aslida har qanday inson xolis, haqgoʻy, halol ustoz, murabbiyga umr boʻyi ehtiyoj sezishini endi tushunyapman. Kamchiliklar oʻzimizniki, lekin barcha yutuqlar uchun qadrdon oʻqituvchilar, ustozu muallimlardan bir umr minnatdormiz! Taʼzim SIZGA, rahmat SIZGA, aziz ustozlar!!!