Ta’limda AKT: ilg‘or tajriba va amaliyot
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan jahon ta’lim standartlari va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
"Yurtimizda yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi, o‘z bilim va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Men tahsil olayotgan ta’lim muassasasida dars jarayonlari to‘liq zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etiladi. Komputer zallari, zamonaviy texnika jihozlari bilan ta’minlangan axborot-resurs markazi va shinam auditoriyalar, eng so‘nggi modeldagi interaktiv doskalar va katta sensorli monitorlar... Bularning bari bizning hech kimdan kam bo‘lmay ta’lim olishimizga xizmat qilmoqda..."Bu Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakulteti 4-kurs talabasi, Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori Dono Akbarovaning fikrlari.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan jahon ta’lim standartlari va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada ta’lim muassasalarida elektron ta’lim orqali modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet va multimedia resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.
Oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va komputer qurilmalari bilan jihozlash, talaba-yoshlar bilan o‘tkaziladigan tadbirlarning ma’naviy-axloqiy mazmuni va natijadorligini takomillashtirish maqsadida “2017-2021-yillarda Respublika oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi” ishlab chiqilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi tashkil etilgan. Mazkur markaz ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va monitoring qilish, yagona axborot muhitini yaratish, elektron ta’limni rivojlantirish, ta’lim jarayonida komputer uskunalaridan foydalanish samaradorligini tahlil qilish yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida "Elektron ta’lim" milliy tarmog‘ining joriy etilishi bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universiteti yetakchi ta’lim dargohlaridan sanaladi.
– Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internet jadal rivojlanib borayotir, – deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti axborot ta’lim markazi rahbari Sayfullo Dottoyev. – Zamonaviy axborot texnologiyalari yuksak taraqqiy etgan, internetdan foydalanuvchilar safi kengayayotgan hozirgi davr talabalarning o‘quv jarayonlari, ilmiy metodikalarini ham elektronlashtirishni taqozo etadi. Universitetimizda yagona lokal internet tarmog‘i tashkil etilgan bo‘lib, unga barcha fakultetlar, kafedra va bo‘limlar to‘liq ulangan.
Ta’lim muassasasidagi o‘quv xonalari va ma’ruza zallari multimedia texnikalari bilan jihozlanib, o‘quv jarayonida zamonaviy komputerlardan foydalanilmoqda. Talabalar fanlar bo‘yicha ma’lumotlarni internet orqali masofadan turib olish imkoniyatiga ega. O‘qitishning bu usuli talabalarning vaqtdan samarali foydalanishi, o‘quv materiallarini puxta o‘zlashtirishi va ta’lim sifatining oshishiga xizmat qilmoqda.
Universitetda o‘qitiladigan barcha fanlar bo‘yicha elektron o‘quv-metodik majmualar bazasi yaratilib, veb-sayt orqali talaba va professor-o‘qituvchilarga yetkazishga qaratilgan veb-tizim ishlab chiqilgan. Darslarda o‘qitiladigan barcha fanlardan 891 o‘quv-metodik majmua, 139 elektron darslik va o‘quv qo‘llanma yaratilgan.
Mazkur universitetda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan elektron kutubxona talabalarni deyarli barcha adabiyotlarning elektron shakli bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Professor-o‘qituvchilarning elektron shaxsiy ish rejasi, elektron jurnal, o‘qitish muhiti kabi tizimlarni jamlagan veb tizim ishga tushirilgan. Elektron jurnal tizimi talabalarning davomati, joriy, oraliq va yakuniy baholash natijalarini kiritish, saqlash va qayta ishlash hamda tegishli hisobotlarni tayyorlash imkonini beradi.
Universitet rasmiy veb-sayti har kuni yangiliklar bilan boyitiladi. Saytda interektiv xizmatlar uchun alohida bo‘lim ochilgan. Ta’lim muassasasi saytiga xohlagan kishi kirib, “Vakant lavozimlar”, “Elektron qabulxona”, “Oliy ta’lim muassasalariga qabul”, “Diplom olganlik to‘g‘risida ma’lumot”, “Elektron kutubxona katalogi”, “Ilmiy faoliyat” kabi interaktiv xizmatlardan foydalanishi mumkin.