Ta’lim va sport uyg‘unligi
– Institutimizning gimnastika va sport psixologiyasi, ko‘pkurash, yakkakurash sport turlari, sport o‘yinlari, futbol fakultetlarida to‘rt mingdan ziyod talaba-sportchi tahsil olmoqda, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jamshid Umarov.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining ham alohida o‘rni bor.
Mazkur oliy o‘quv yurti bakalavriat bosqichida sport faoliyati, kasbiy ta’lim, magistraturada adaptiv jismoniy tarbiya, jismoniy tarbiya menejmenti ixtisosligi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Aksariyat bitiruvchilar o‘qituvchi, murabbiy, tashkilotchi, yo‘riqchi va uslubchi sifatida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ommaviy sportni rivojlantirish, jismonan baquvvat, mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotir.
– Institutimizning gimnastika va sport psixologiyasi, ko‘pkurash, yakkakurash sport turlari, sport o‘yinlari, futbol fakultetlarida to‘rt mingdan ziyod talaba-sportchi tahsil olmoqda, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jamshid Umarov. – Talabalarga 302 professor-o‘qituvchi jismoniy tarbiya va sport sirlarini o‘rgatmoqda.
Ta’lim maskanining boks, qilichbozlik, kurash, gimnastika zallari hamda futbol, gandbol, basketbol maydonlarida talabalarning mashg‘ulot o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy o‘quv binosi, talabalar turar joyi, 200 ming kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, 2014-yilda foydalanishga topshirilgan suzish bazasi – yoshlar ixtiyorida. Talabalar mutaxassisligi bo‘yicha dars jarayonida va darsdan bo‘sh vaqtlarida institutga qarashli sport majmualarida muntazam mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Ilmiy-pedagogik bilimlarni rivojlantirish maqsadida mazkur oliy o‘quv yurti Germaniyaning Leypsig universiteti, Fransiya dzyudo instituti, Gretsiya sport instituti, Yaponiyadagi “Kadokan” dzyudo instituti, Janubiy Koreyaning Dankuk universiteti, Isroil jismoniy tarbiya va sport instituti, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport va turizm universiteti kabi qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
2009-yildan boshlab institutda Dankuk universiteti professori Pek Mun Jon “Boks va qilichbozlik” kafedrasida faoliyat yuritib kelmoqda. Taekvondo mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan 4 nafar iqtidorli talaba Dankuk universitetida o‘qishni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda institutda tahsil olayotgan talabalarning 371 nafari mamlakatimiz terma jamoalarining a’zosi, 62 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 282 nafari sport ustasi me’yorlarini bajargan.
Institut talabalari mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi ko‘plab musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. 2014-yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida Jasur Boyqo‘ziyev taekvondo (WTF) yo‘nalishi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Nikita Rafalovich o‘z vazn toifasida kumush medal bilan taqdirlandi, Isroil Madraimov boks bo‘yicha kumush medal sovrindori bo‘ldi. Yengil atletikaning yettikurash bahslarida yosh sportchimiz Yekaterina Voroninaning mahorati munosib baholanib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
– Oilamizda sportga bo‘lgan ishtiyoq juda yuqori, – deydi Isroil Madraimov. – Men ham boks bo‘yicha tahsil olmoqdaman. Incheondagi musobaqada oldimga qo‘ygan niyatimga erishdim. Maqsadim, kelajakda bundan-da yuksak marralarni egallash.
Incheon shahrida o‘tkazilgan II Paraosiyo o‘yinlarida ham institut talabalari sovrinli natijalari bilan sport muxlislarini xushnud etdi. O‘z sport yo‘nalishlarida Doniyor Soliyev oltin, Gulruh Rahimova kumush, Farrux Mirzaqulov bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissasini qo‘shdi.
Yurtimiz talaba-yoshlarining Universiada sport musobaqalarida asosan mazkur oliy o‘quv yurti vakillaridan iborat Toshkent shahri jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. 2010-yil Andijon viloyatida o‘tgan sport o‘yinlarida 69 nafar talaba-sportchi 77 oltin, 25 kumush, 12 bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2013-yili Buxoro viloyatida tashkil etilgan Universiada musobaqasining final bahslarida institut talabalari 99 oltin, 28 kumush va 20 bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ta’lim maskanida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish ham doimiy e’tiborda. Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda qator tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar o‘tkaziladi. “Barkamol avlod – millat tayanchi”, “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi”, “Kurashchining etika va estetikasi”, “Sharq mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan hissasi”, “Chet davlatlarda noqonuniy ishlashning salbiy oqibatlari va uning oldini olish” kabi mavzularda soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatlari shular jumlasidandir.
Institutning xotin-qizlar sportini rivojlantirish yo‘nalishiga har yili mamlakatimizning turli hududlaridan 220 nafar qiz talabalikka qabul qilinadi. Hozir tahsil olayotgan talaba-qizlar orasidan 3 nafari Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, 9 nafari turli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan. Ta’lim dargohining xotin-qizlar kengashi ko‘magida talaba-qizlar “Barhayot an’analar” folklor festivali, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Sport malikasi” respublika ko‘rik-tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashmoqda. Respublika miqyosida oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari orasida o‘tkazilayotgan ayollar spartakiadasida ayol o‘qituvchi va murabbiylar faol ishtirok etib kelmoqda.
Muxtasar aytganda, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng ko‘lamda targ‘ib etish, malakali, o‘z mustaqil fikriga ega mutaxassislarni tayyorlashdek ezgu maqsadni ko‘zlab faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur institutning mamlakatimiz sporti dovrug‘ini jahonga taratishdagi hissasi beqiyosdir.