Ta’lim va mutaxassislik ko‘rgazmasi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan «Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasiga umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari, abituriyentlar, talabalar, uyushmagan yoshlar, ularning ota-onalari, o‘quv muassasalarining vakillari tashrif buyurdi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan «Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasiga umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari, abituriyentlar, talabalar, uyushmagan yoshlar, ularning ota-onalari, o‘quv muassasalarining vakillari tashrif buyurdi.O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Cavdo-sanoat palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, nodavlat ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma doirasida bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, yirik kompaniyalar ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbir mamlakatimiz hamda dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridagi kasb va mutaxassislik yo‘nalishlari hamda davlatimiz tomonidan ta’lim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularning kasb tanlashlariga yordamlashish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida yoshlarga ma’lumot berish, bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
– AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldim, – deydi poytaxtlik Dilnoza Jovliyeva. – Ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida eng raqobatbardosh, talab qilinayotgan mutaxassisliklar bilan tanishtiruvchi ta’lim dasturlarining namoyishi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bo‘sh ish o‘rinlariga ega korxona va tashkilotlarning ko‘rgazmali stendlari, tarqatma materiallari ularning faoliyati haqida batafsil ma’lumot olish imkonini berdi.