Ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligi
Mamlakatimiz korxonalari to‘qimachilik sanoati bozorida o‘z mavqeini tobora mustahkamlab, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan munosib tarzda raqobatlashmoqda.
Mamlakatimiz korxonalari to‘qimachilik sanoati bozorida o‘z mavqeini tobora mustahkamlab, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan munosib tarzda raqobatlashmoqda. Bu yurtimiz olimlarining tadqiqotlari, izlanishlari va innovatsion g‘oyalardan ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirishda keng foydalanilayotgani samarasidir.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati va bir qator tashkilotlar hamkorligida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida o‘tkazilgan fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyalashuvi sharoitida innovatsion texnologiyalarning ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanda bu alohida ta’kidlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, uning yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etishga oid dasturlarning izchil amalga oshirilayotgani o‘z samaralarini berayotir.
Ilm-fanning barcha amaliy yutuqlari fundamental izlanishlarning mahsuli sifatida yuzaga keladi. Yurtimiz olimlarining ana shunday ilmiy ishlari natijalari yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlash, mahalliy xomashyodan sifatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, aholining bandlik darajasini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Anjumanda raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash, ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Yengil sanoat sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar erishayotgan natijalar tahlil etilib, eng yaxshi loyihalar, ilmiy ishlanmalar saralandi.
– Konferensiyada paxta tozalash texnologiyalarini takomillashtirishga oid ma’ruza bilan ishtirok etdim, – deydi institut katta ilmiy xodimi Sharof Shuhratov. – Bu kabi anjumanlar hayotga tatbiq etilayotgan soha yangiliklaridan boxabar bo‘lishimiz va uni tahlil etishimizda muhim o‘ringa ega. Mutaxassis olimlar tomonidan bildirilgan takliflar esa bu boradagi izlanishlarimizni yuqori bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Anjumanda to‘qimachilik, kimyo sanoati, texnika sohasi va innovatsiyalar asosida ularni rivojlantirish, dolzarb ekologik masalalar, fundamental, ijtimoiy-iqtisodiy fanlarning to‘qimachilik sanoatidagi o‘rni, kasbiy ta’limda innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.