Ta’lim sohasi imkoniyatlarining namoyishi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida an’anaviy «Ta’lim va mutaxassislik» mavzusida xalqaro ko‘rgazma ish boshladi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida an’anaviy «Ta’lim va mutaxassislik» mavzusida xalqaro ko‘rgazma ish boshladi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari tomonidan tashkil etildi.
O‘n birinchi marta o‘tkazilayotgan «Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasi yoshlarni mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi zamonaviy o‘qitish usullari bilan tanishtirish, ularga o‘zi qiziqqan mutaxassislik bo‘yicha o‘quv muassasalarini tanlashga ko‘maklashish, shuningdek, bitiruvchilar uchun ish tanlash imkoniyatini taqdim etishga yo‘naltirilgan.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentmiz rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida yoshlarimiz mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi eng yaxshi o‘quv muassasalarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘layotganini ta’kidladi. Har tomonlama puxta o‘ylangan va samarali uzluksiz ta’lim tizimi jadal rivojlanib borayotgan mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha sohalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash imkonini bermoqda. «Ta’lim va mutaxassislik» xalqaro ko‘rgazmasi bu borada erishilayotgan natijalarning yaqqol tasdig‘idir.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Malayziya, Singapur kabi davlatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari ishtirok etmoqda. Ushbu o‘quv muassasalari bugungi yoshlarni qiziqtiradigan barcha yo‘nalishlar – axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, gumanitar, texnika va boshqa sohalarda kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ta’lim jarayonida oliy o‘quv yurtlari tomonidan foydalanilayotgan zamonaviy dastur va mediatexnologiyalar bilan tanishdi.
– Ushbu ko‘rgazma kelajakda qaysi mutaxassislikni egallash borasida bir to‘xtamga kelmagan yoshlar uchun ajoyib imkoniyatdir, – deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi akademik litsey o‘quvchisi Dinora Boybekova. – Mamlakatimiz va xorijiy oliy o‘quv yurtlari stendlari bilan tanishib, Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tanladim. Kelajakda dasturchi bo‘lmoqchiman.
– O‘zbekiston yoshlarining bilim olishga chanqoqligi ularning faolligi, chet elda o‘qishga intilishida namoyon bo‘layotgani tahsinga loyiqdir, – deydi HELP universiteti vakili Benedikt Chan Seng Kuan (Malayziya). – Ular tanlagan oliy o‘quv yurtlari orasida bizning universitetimiz ham borligiga ishonaman.
Ko‘rgazma dasturidan media ta’lim, psixologiya, oilaviy munosabatlar, mehmondo‘stlik san’ati va boshqa qator mavzular bo‘yicha mahorat darslari ham o‘rin olgan.