Taʼlim poydevori maktablarda mustahkamlanadi
Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov, Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari A.Umarov boshchiligidagi viloyat hokimining oʻrinbosarlari va bir qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Namangan shahrida barpo etilayotgan Prezident maktabining qurilish ishlari bilan tanishdi.
Prezidentimiz tomonidan shu yilning 23-avgust kuni oʻtkazilgan taʼlim istiqboli va ravnaqi, yosh avlodni mamlakatimiz kelajagiga munosib, har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, maʼnaviy barkamol insonlar qilib kamol toptirish, buning uchun taʼlim sohasidagi islohotlarni jadal rivojlantirish, oʻqituvchilarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha Respublika ishchi guruhi Namangan viloyatidagi umumtaʼlim maktablari faoliyatini oʻrganmoqda.
Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov, Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari A.Umarov boshchiligidagi viloyat hokimining oʻrinbosarlari va bir qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Namangan shahrida barpo etilayotgan Prezident maktabining qurilish ishlari bilan tanishdi.
– Ushbu taʼlim muassasasi iqtidorli oʻgʻil-qizlarga oliy maqsadlar yoʻlidagi parvoz maydoni boʻlishi kerak, – deydi Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov. – Buning uchun, eng avvalo, qurilish, jihozlash, oʻqitish, oʻqish uchun shart-sharoitlar davr talabiga muvofiq, mukammal amalga oshirilishi zarur.
Ishchi guruhi vakillari Namangan shahrining Orzu massivida Investitsiya dasturi asosida 6 milliard 926 ming soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga yangi barpo etilgan 84-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlib, har jihatdan shinam va koʻrkam bunyod etilgan zamonaviy maktabdagi kutubxona faoliyati, kimyo, texnologiya, oshxona va sport zalida yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishdi. Ustoz-muallimlar bilan muloqotda oʻquvchilarni Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida jismonan barkamol, maʼnan yetuk etib tarbiyalash borasidagi amaliy saʼy-harakatlar samaradorligiga eʼtibor qaratildi.
Yuqori sinf oʻquvchilari bilan suhbat jarayonida Prezident maslahatchisi mustaqil hayotga shahdam qadamlar bilan borayotgan oʻquvchilarning orzu-maqsadlari bilan qiziqdi. Yoshlarning qiziqish va intilishlaridan kelib chiqib, ularga bir qator oliy oʻquv yurtlari faoliyati, ulardagi fakultet va yoʻnalishlar, yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi. Oʻquvlarga Vatan ravnaqi uchun jamiyat hayotida faol ishtirok etish boʻyicha oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, shu yoʻlda chuqur bilim olish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Respublika ishchi guruhi vakillari, shuningdek, 620 nafar oʻquvchi taʼlim olayotgan 1- va 54-umumtaʼlim maktablarida ham boʻlib, yuqori sinflarda matematika, rus tili, chizmachilik, kimyo fani darslarini kuzatishdi va oʻquvchilar bilan muloqotda boʻldi. Maktablarning sport zali va sport maydoni koʻzdan kechirilib, oʻquvchilarga sport bilan doimiy shugʻullanishi va yutuqlarga erishishi uchun sharoitlarni yaxshilash boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezident Administratsiyasi vakillari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari rektorlari, prorektorlari hamda professor-oʻqituvchilari, viloyat hududidagi davlat va jamoat tashkilotlari masʼul-mutasaddilaridan iborat Ishchi guruhi butun eʼtiborni kelajakning mustahkam poydevori boʻlgan taʼlim sohasini tubdan yangilash va yangi tashabbuslar hamda zamonaviy, ilgʻor usul, uslublarni tatbiq etishga qaratmoqda, – deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari M.Esonboyev. – Taʼlim istiqboliga qaratilgan amaliy jarayonlar viloyatning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.