Ta’lim mazmuni takomillashtirilmoqda
Poytaxtimizda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi axborot-metodik ta’minlash xizmati faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi axborot-metodik ta’minlash xizmati faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori U.Salimov, axborot-metodik ta’minlash xizmati boshlig‘i M.Xolmuhamedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-apreldagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida axborot-metodik ta’minlash xizmati tomonidan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining me’yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, o‘quv-uslubiy jihatdan to‘liq ta’minlash, yetuk pedagog kadrlar bazasini shakllantirish va ularning mahoratini oshirish, ta’lim-tarbiya mazmunini yanada rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida mavjud axborot-metodik ta’minlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimini isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, ilmiy-uslubiy, moliyaviy sharoitlar yaratildi. Axborot-metodik ta’minlash xizmati ilmiy-metodik kengashi hamda 25 yo‘nalish bo‘yicha o‘quv-metodik birlashma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ta’lim muassasalarida metodik xizmatning me’yoriy asoslari ishlab chiqilib, shu asosda metodik kengashlar va fan kafedralari tashkil etildi.
Ta’lim muassasalarida o‘qitishning elektron resurslariga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida www.metod.uz internet resursi ishga tushirildi. Ushbu xizmat o‘quvchilarga o‘quv adabiyotlari, pedagoglar uchun o‘quv-reja, dasturlar, me’yoriy hujjatlar va metodik tavsiyalar bilan interaktiv tarzda tanishish imkoniyatini yaratdi.
Anjumanda axborot-metodik ta’minlash xizmatining istiqboldagi vazifalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.