Ta’lim: hamkorlik, amaliyot va natija
Buxoro davlat universiteti jahondagi qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.
O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligi
Buxoro davlat universiteti jahondagi qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda. Ular orasida Yaponiyaning Vakayama universiteti ham bor.
Odatda tomonlarning o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlariga amaliy ishlarga qarab baho beriladi. Bunday amaliy natija uchun Buxoro davlat universitetida katta vaqt talab qilingani yo‘q. Bir yil muqaddam Buxorodagi yirik bilim maskanining iqtisodiyot va turizm fakulteti qoshida “BuxDU – Vakayama turizm ta’limi va tadqiqotlari markazi" tashkil etildi. Albatta, loyihaning amalga oshishida O‘zbekiston – Yaponiya markazi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasining ham xizmatini e’tirof etish lozim.
– Yana bir jihatni ta’kidlash kerak, – deydi Buxoro davlat universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, iqtisod fanlari nomzodi Abror Jo‘raev. – O‘ziga xos qo‘shma markaz maqomiga ega maskan faoliyati yo‘lga qo‘yilishi Buxoro va Vakayama shaharlarining o‘xshash jihatlari va ehtiyojlariga mos keladi. Gap turizm haqida. Bizning tarixi bir necha asrlarga tutash yuzlab noyob me’moriy yodgorliklarimiz bor. Ular tobora xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortmoqda. Vakayama shahrining o‘ziga xosligi shundaki, uning yaqinidan Kii tog‘ tizmasi muqaddas shaharlari va ziyorat marshrutlari o‘tadi. Bu yo‘nalish YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Xullas, Vakayama mintaqasida turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yetarli. Bu salohiyatdan foydalanishda malakali soha mutaxassislarini tayyorlab berayotgan Vakayama universitetining turizm fakulteti munosib hissa qo‘shayotir.
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, mazkur fakultetning obro‘-e’tibori jahonda juda yuqori ekan. U BMT tuzilmasi – Butunjahon turizm tashkilotining (UNWTO) a’zo tashkilotlari qatoriga kiritilgan. Bu yerda o‘qitiladigan yo‘nalishlar nufuzli TedQual (Tourism Education Quality – Turizm ta’limi sifati) akkreditatsiyasiga ega. Fakultet huzuridagi Turizm tadqiqotlari markazida 80 nafardan ortiq ilmiy xodim milliy va xalqaro miqyosda tadqiqotlar olib bormoqda.
Tabiiyki, nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikning samarasi katta. Uning doirasidan o‘zaro o‘qituvchi, tadqiqotchi hamda talabalar almashinuvi, ilmiy-uslubiy yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar, bakalavriat va magistraturada qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalalari keng o‘rin olgan.
"BuxDU – Vakayama turizm ta’limi va tadqiqotlari markazi" faoliyati uchun barcha sharoit muhayyo. Uning xonalari ta’lim sifatini oshirish loyihasi doirasida eng zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan.
Shartnomaga muvofiq, o‘tgan bir yil davomida Vakayama universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari guruhi uch bor Buxoro davlat universitetida bo‘lishdi. Yaponiyalik olim-pedagoglar iqtisodiyot va turizm fakulteti talabalariga ma’ruzalar o‘qishdi. Kunchiqar yurt talabalari esa buxorolik tengdoshlari uchun yapon madaniyati va madaniy merosi bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tadilar.
Yapon hamkorlar bilan o‘zaro muloqot hozircha ingliz tilida olib borilayotir. Lekin yaqin istiqbolda yana bir muloqot vositasi amal qiladi. 2019-2020 o‘quv yilining ikkinchi yarmida Buxoro davlat universiteti iqtisodiyot va turizm fakulteti birinchi bosqich talabalari orasidan saralab olingan alohida guruhda mutaxassislik fanlarining bir qismi, yapon tilida ham o‘qitilishi rejalashtirilmoqda. Bunda O‘zbekiston – Yaponiya markazining Buxoro filiali vakillarining yordami beqiyos bo‘ladi. Shuningdek, ushbu guruhlarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha ikkala universitet professor-o‘qituvchilari hamkorligida o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlanadi.
E’tiborli tomonlaridan yana biri shundaki, Vakayama universitetida “Buxoro davlat universiteti burchagi” tashkil qilinishi hamda unda O‘zbekistonning madaniy merosi, turizm sohasiga tegishli materiallarning doimiy namoyish etilishi ham ko‘zda tutilgan. Shubhasiz, bu Buxoro bilan yaqindan tanishishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
Xullas, o‘zaro hamkorlik ta’lim sifatini oshirgan holda xalqaro standartlarga mos mutaxassis kadrlar tayyorlash imkoniyatini kengaytiradi.