Suzish salomatlikni mustahkamlaydi
Yoz faslining ilk kunlaridan boshlab suv sporti saroylari o‘g‘il-qizlar bilan gavjumligi ular o‘rtasida suzishga qiziqish yuqori ekanidan dalolatdir.
Yoz faslining ilk kunlaridan boshlab suv sporti saroylari o‘g‘il-qizlar bilan gavjumligi ular o‘rtasida suzishga qiziqish yuqori ekanidan dalolatdir.
Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 12-ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabida hozirgi kunda yetti yuzga yaqin tarbiyalanuvchi suzish bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bu ko‘rsatkich 2014-yildagiga qaraganda 20 foizga ko‘p. Mazkur maktabga bolalar yetti yoshdan qabul qilinadi va to‘rt bosqichli mashg‘ulotlar orqali suzish sirlarini o‘rganadi.
Maktab 2011-yili Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga kapital ta’mirlanib, zarur anjomlar bilan jihozlandi. Yopiq suzish havzasi, trenajyor zali, tibbiyot xonalari bolalar ixtiyorida. O‘tgan yili suzish havzasidagi suvni tozalash va haroratni bir maromda saqlovchi uskunalar yangilangan.
– Maqsadimiz o‘g‘il-qizlar o‘rtasida suzishni yanada ommalashtirish, – deydi maktab direktori Alisher Karimov. – Maktabda suzish sportini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning turli musobaqalarda munosib ishtirok etishi va o‘z iqtidorini namoyon etishiga xizmat qilayotir.
Mazkur maktabdan ko‘plab mohir sportchilar yetishib chiqqan. Ayni paytda sport maktabi tarbiyalanuvchilari mamlakat hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Jumladan, 2014-yilning iyun oyida Germaniyaning Shtutgart shahrida suzish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda ushbu maktabdan olti nafar sportchi qatnashib, uchta oltin, oltita kumush, sakkizta bronza – jami o‘n yettita medalni qo‘lga kiritdi.
Namangan viloyati mezbonlik qilgan “Barkamol avlod – 2014” musobaqasida A.Kuchikova bitta oltin va ikkita kumush medal bilan taqdirlandi. Mazkur maktab tarbiyalanuvchilari Aleksey Sidarchuk, Vladimir Mirnix, Ivan Starchikov, Valeriya Muratova, Omina Salomatova, Diyora Jalilova, Aziza Sayfullayeva yaqinda bo‘lib o‘tgan “Umid nihollari” sport o‘yinlarining Toshkent shahar final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Bundan tashqari, mamlakat chempionatlarida maktab tarbiyalanuvchilari muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
– Ustozlarimdan suzish sirlarini o‘rganmoqdaman, – deydi maktab tarbiyalanuvchisi Ivan Starchikov. – Bu yerda suzish bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. “Umid nihollari”da g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Ushbu musobaqa menga katta sport sari o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.