Suyultirilgan gaz: barcha hududlar qamrab olinmoqda
Kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rish, mavsumni betalofot o‘tkazish kommunal xizmat ko‘rsatish idoralari mas’ullariga katta mas’uliyat yuklaydi.
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan Namangan viloyatidagi tabiiy gaz yetib bormagan olis hududlar va chekka qishloqlarda yashovchi aholi xonadonlariga suyultirilgan gazni uzilishlarsiz va o‘z vaqtida yetkazib berishga e’tibor qaratilmoqda.

Chortoq tumanining Saroy mahallasi qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududda joylashgan. Aholi asosan, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Aliboy aka O‘razov ham shu manzilda uzoq yillar traktorchi bo‘lib mehnat qilgan, hozirda nafaqada. Mahallada o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar o‘zaro ahillikda istiqomat qiladi. Saroyliklar mahallaga suyultirilgan gaz doim o‘z vaqtida yetkazib berilayotganidan behad mamnun.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Chortoq tumanida 24 ming 605 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. Suyultirilgan gaz yetkazib berish tumanning boshqa hududlarida ham o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA