Suyukli shoir ijodi posbonlar nigohida
Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahar IIBB faxriylar Kengashining a’zosi Murodjon Karimov hamda Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Rustam Musurmon mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ustoz ijodkorlarning adabiy merosini o‘rganish, targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda iste’dodli shoir, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi matni muallifi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shganligi, o‘zidan boy ijodiy meros qoldirganligi haqida ta’kidlandi. Zero, Abdulla Oripov mamlakatimizning eng ko‘p mutolaa etiluvchi shoirlaridan biridir.
Shuningdek, uchrashuvda ijodkor she’riyatida Vatanga muhabbat, xalqparvarlik, insoniylik, sofdillik kabi fazilatlar tarannum etilganligi bugungi kun yoshlari tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi haqida ham so‘z yuritildi.
Shu kuni Toshkent shahar IIBB kadrlar boshqarmasi xodimlari tomonidan shoir qalamiga mansub asarlardan yaratilgan qo‘shiqlar ijro etildi.
O‘zA