“Suvni birgalikda asraymiz” ekologik loyihasi yoshlarni birlashtirdi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida “Suvni birgalikda asraymiz” ekologik loyihasining targ‘ibot aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Aksiya davomida kelgusi bir necha o‘n yilliklarda dunyoda suvga bo‘lgan talabning ortib borayotgani xususida so‘z bordi. Suvni tejash ekologiyaga, balki iqtisodiyotimizga ham foyda keltirishi borasida asosli fikrlar bildirildi.

Shuningdek. talabalar orasida suvga bo‘lgan e’tibor va ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida maxsus brendlangan stakanlar tarqatildi.
Har bir talaba ushbu stakanchalardan foydalanishi orqali suvni tejash, isrofgarchilikka chek qo‘yish va ekologik mas’uliyatni o‘z hayot tarziga singdirishga undalmoqda. Bu tashabbus nafaqat talabalarga, balki keng jamoatchilikka ham suvni tejashning oddiy, ammo samarali usullarini ko‘rsatib beradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA