Suvdan oqilona foydalanish – davr talabi
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim maqsadlaridan biri tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqtisodiy o‘sishni ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtirish va kelajak avlod uchun munosib hayot sharoitini yaratishdir. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda suvdan samarali foydalanish dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarida “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, resurs va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy raqamli yechimlarni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayon yirik sanoat korxonalari oldiga ham resurslardan tejamkor foydalanish, ekologik ta’sirni kamaytirish va innovatsion yondashuvlarni kengaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Qizilqum sahrosining murakkab tabiiy sharoitida faoliyat yuritayotgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida suv resurslaridan oqilona foydalanish ana shu islohotlarning amaliy ifodalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan bir qatorda, tabiiy resurslarni tejash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Shunday tashabbuslardan biri suv resurslarini tejash imkonini beruvchi avtomatik sug‘orish boshqaruv tizimining yaratilishidir. Loyiha NKMK Yosh muhandislar kengashi mutaxassislari tashabbusi bilan Tarmoqlar va podstansiyalar sexi hamda Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi Nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika markaziy laboratoriyasi mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqildi.
Yangi tizim sex hududida barpo etilgan bog‘da sinovdan o‘tkazildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi suv sarfini 5 barobargacha tejash imkonini bermoqda.

Loyihani yaratishdan avval amaldagi sug‘orish tizimidagi muammolar chuqur o‘rganildi. Xususan, tuproqning haqiqiy namlik darajasini aniq nazorat qilish imkoniyatining mavjud emasligi sababli ayrim maydonlar me’yoridan ortiq, boshqa joylar esa yetarlicha sug‘orilmagan. Yer maydonining past-balandligi hisobga olinmagani tufayli pastliklarda suv to‘planib qolgan, baland joylar esa quruq qolgan.
Bunday usulda suv sarfining nazorati ham murakkab bo‘lgan. Shuningdek, sug‘orish jarayoni doimiy ishchi kuchi ishtirokini talab etgan.
Yaratilgan avtomatik tizim esa bu muammolarga zamonaviy yechim taklif etmoqda. Unda elektron qurilmalar, aqlli sensorlar va intellektual boshqaruv texnologiyalaridan foydalanilgan. Sensorlar orqali tuproq namligi nazorat qilinib, sug‘orish zarur holatga qarab avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
– Loyiha ustida ish boshlashdan avval mavjud tizimlarning kamchiliklari, ayniqsa, suvning behuda sarflanishi va tuproqning me’yoridan ortiq namlanib ketish holatlari o‘rganildi, – deydi Yosh muhandislar kengashi a’zosi, Avtomatlashtirilgan nostandart vositalarni tayyorlash laboratoriyasi boshlig‘i Sardor Norboyev. – Shu paytgacha qo‘llanib kelingan sug‘orish usuli kutilgan natijani bermayotgan edi. Nazoratning yo‘qligi tufayli tuproqning haqiqiy namligi aniqlanmas, natijada yer haddan tashqari ko‘p sug‘orilar yoki suv tegmay qurib qolardi. Biz yaratgan avtomatik sug‘orish boshqaruv tizimi zamonaviy elektronika, aqlli sensorlar va intellektual boshqaruv texnologiyalari yordamida bu kamchiliklarni bartaraf etmoqda, Ilgari inson mehnati va oddiy nazoratga tayangan jarayonlarni avtomatlashtirish orqali nafaqat ish samaradorligi oshirilmoqda, balki tabiiy resurslar sarfi ham keskin kamaytirilmoqda.

Albatta, bitta qurilmaning samarasi bir hudud bilan cheklanib qolmaydi. Uni boshqa bo‘linmalarda ham joriy etish orqali suv tejamkorligi ko‘lamini yanada kengaytirish mumkin. Shu bois kombinatda ushbu avtomatik sug‘orish qurilmasini barcha bo‘linmalarda joriy etish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri