Suv xo‘jaligi xodimlarining malakasi oshirilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Suv resurslarini boshqarish va suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida respublikamiz suv xo‘jaligi sohasidagi ekspluatatsiya tashkilotlarining rahbar-xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, seminarlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi suv xo‘jaligi vamelioratsiya kollejlarining Malaka oshirish markazlarida o‘tkazilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlariga vazirlik mutaxassislari, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti professor-o‘qituvchilari jalb etilgan.

Olti kunlik o‘quv dasturiga ko‘ra, tinglovchilar sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, joylarda suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish hajmi, me’yori, hisob-kitobini to‘g‘ri yuritish, zamonaviy suv o‘lchash uskunalarini ishlatish, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglash barobarida, amaliy ko‘nikmalarini yanada boyitadilar, sohada innovatsion texnologiyalarnitatbiq etish bo‘yicha tajriba orttiradi.
Chap qirg‘oq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot kotibining xabar berishicha, Qo‘shko‘pir tumanidagi suv xo‘jaligi va melioratsiya kollejida boshlangan o‘quv-seminarida Xorazm viloyatidagi suv xo‘jaligi tashkilotlaridan 100 nafar xodim ishtirok etmoqda.
– bugungi mashg‘ulotlarda mavjud suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha ma’ruzalar tinglab, o‘zimga kerakli juda ko‘p foydali ma’lumotlarni oldim, – deydi havza boshqarmasining Suv xo‘jaligini rivojlantirish va strategiya bo‘limi boshlig‘i Davronbek Kenjayev. – Orttirgan bilim va ko‘nikmalarimiz kelgusidagi faoliyatimizda albatta asqotadi.
Malaka oshirish kursi yakunida ishtirokchilar attestatsiyadan o‘tkazilib, undan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikatlar topshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, vazirlik rahbariyati tomonidan xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, kuz-qish oylarida barcha suv xo‘jaligi tashkilotlarining rahbar xodimlari malaka oshirish kurslariga jalb qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA