Suv xo‘jaligi korrupsiyadan xoli sohaga aylanadi
Suv – ulug‘ ne’mat. Azaldan xalqimiz suvni zarga, suv keltirganlarni e’zozlab, zargarga tenglashtirgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev korrupsiyani davlat taraqqiyotiga, adolat va qonun ustuvorligiga jiddiy tahdid sifatida baholab, “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir!” deb ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy e’tibor qonunbuzarliklarni fosh etishdan ko‘ra ko‘proq korrupsiyaga sharoit yaratayotgan omillarni yo‘q qilishga qaratilmoqda.
Yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, xatoliklar bartaraf etildi. To‘liq bajarilmagan ish uchun to‘langan mablag‘ga mos ishlar bajartirilib, kechikkan ishlar nazoratga olindi va to‘liq bartaraf etildi. Aybdorlarga chora ko‘rildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi”da xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish yo‘nalishida tizimli ravishda o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida 9624 nafar xodim ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 289 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Barcha boshqarma va bo‘limlardan sohada korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy holatlar va korrupsiya xavfi haqida taklif-mulohazalar olinib, bu illatga qarshi kompleks tadbirlar ishlab chiqildi.
Vazirlikning 10 ta axborot tizimi yagona “Raqamli suv xo‘jaligi” platformasiga birlashtirildi. Shu asosda tashkil etilgan “Vaziyatlar markazi” suv va energiya resurslarini real vaqt rejimida monitoring qilish, tahlillar asosida boshqarish imkonini bermoqda.
Yana bir muhim yo‘nalish – suv tejovchi texnologiyalarga ajratiladigan subsidiyalar tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Oldingi ko‘p bosqichli va qog‘ozbozlikka asoslangan jarayonlar korrupsiya uchun qulay muhit yaratgan bo‘lsa, 2025-yildan kredit ajratish, subsidiya to‘lashning barcha bosqichlari raqamli platformalar orqali amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarning natijasini vazirlik reytingi oshganida ham ko‘rish mumkin. Suv xo‘jaligi vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan baholanadigan davlat organlari va tashkilotlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reytingida 100 balldan 2022-yilda 13 ball bilan “qoniqarsiz”, 2023-yilda 66 ball hamda 2024-yilda 75 ball bilan “qoniqarli” deb baholangan edi.
2025-yilda 85 ball to‘plab, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi “yaxshi” deb topildi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini baholovchi “Ochiqlik indeksi” natijalariga ko‘ra, 2025-yil yakuni bo‘yicha 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari orasidan 89 ball bilan 12-o‘rinni, vazirliklar ichida 3-o‘rinni эгаллаб, “yashil” toifada qayd etildi.
Albatta, sohada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Nasos stansiyalarini to‘liq raqamlashtirish, suv fondi yerlarini elektron boshqarish, moliyaviy va moddiy resurslarni yagona ERP tizimi orqali nazorat qilish, xizmatlarni to‘liq elektron formatga o‘tkazish kabi vazifalar keyingi bosqichning muhim ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Shu bilan birga, xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish, targ‘ibot tadbirlari ham izchil davom ettiriladi. Maqsad - vazirlik tizimida shaffoflik va ochiqlikni kuchaytirish, suv xo‘jaligini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish.
Oybek Abdug‘aniyev,
Suv xo‘jaligi vazirligi
Korrupsiyaga qarshi kurashish va
komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i,
O‘zA