Suv ta’minotidagi yangi tizim samara bermoqda (+video)
So‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqada suv tanqisligi borgan sari sezilib qolmoqda. Prezidentimizning joriy yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada erishilgan ijobiy natijalarning asosiy omili bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 fevraldagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 12 ta tumanda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasi to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun qulay imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Ushbu yangi tizim vakillarining say’-harakatlari natijasida vegetatsiya mavsumi, ya’ni aprel- sentyabr oylarida Jizzax vohasi dalalariga 1 milliard 858 million kub metr yoki belgilangan limitga nisbatan 100 foiz suv yetkazib berildi. Bu esa 105 ming gektardagi g‘alla, 82,1 ming gektarga ekilgan paxta, 77 ming gektarda parvarishlangan takroriy ekin, 130 ming gektarni egallagan tomorqa va boshqa maydonlarni suv bilan ta’minlash, ulardan yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin bo‘ldi.
Ushbu tashkilotlar safi birinchi galda malakali kadrlar bilan to‘ldirildi. Ular zaruriy texnika vositalari va texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda. Ko‘rsatilayotgan xizmati uchun qonuniy haq to‘lash tizimi ishlab chiqilgan va ana shu tizim asosida suv iste’molchilari bilan hisob-kitob qilinmoqda.
Do‘stlik tumanida ”Aqlli” suv boshqarish tizimini joriy qilish ishlari allaqachon boshlanib, loyiha ishlari esa yakuniga yetkazilgan.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi hamda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 fevraldagi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Do‘stlik tuman irigatsiya bo‘limi negizida tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi o‘z faoliyatini boshladi, – deydi Do‘stlik tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM rahbari Begzod Qurolov. – Tashkilot hisobida 596 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 7,3 kilometri xo‘jaliklararo kanal, 88,4 kilometri xo‘jalik ichki kanallari, 508 kilometri latok tarmoqlarini tashkil etadi. Shuningdek, 193 ta “dukfel”, 93 gidrotexnik inshootimiz bo‘lib, shuning 23 tasi suv to‘suvchi, 64 tasi suv chiqaruvchi va 6 ta gidropostdan iborat.
Joriy yilda 140 kilometr sug‘orish kanallarimizni betonlashtirishni reja qilib olganmiz. Ana shundan 4 kilometrida betonlashtirish ishlari yakunlandi. Ichki sug‘orish tarmoqlarimizni betonlashtirish bo‘yicha esa rejamiz 27 kilometr bo‘lib, shundan 2 kilometri tugatildi, qolgan qismida jarayon davom etmoqda. Rejadagi barcha betonlashtirish ishlari vegetatsiya, ya’ni 2025 yilgi sug‘orish mavsumi boshlangunga qadar yakuniga yetadi. Ishlar grafik bo‘yicha ketmoqda.
R– 12 kanalimizning uzunligi 18,5 kilometr bo‘lib, 6 ming gektar sug‘oriladigan maydonni suv bilan ta’minlaydi. Ushbu kanal 1975 yilda qurilgan bo‘lib, o‘sha davrda suv o‘tkazish sig‘imi 6 kubni tashkil etgan. Bugungi kunga kelib esa 3,5 – 4 kub atrofida suv o‘tadi. Kanalning 4 kilometr qismi cho‘kib ketgan. Ana shu cho‘kkan joyning 2 kilometrida betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi, qolgan 2 kilometri ham belgilangan grafikka asosan yakuniga yetkaziladi.
Sohani raqamlashtirish ishlari davom ettirilib, 1800 tadan ortiq suv o‘tkazuvchi, 200 taga yaqin suv to‘suvchi inshoot, 1767 dona suv o‘tishini nazorat qiluvchi videokamera o‘rnatiladi. Barcha ishlar kompyuterda boshqariladi.
[gallery-20632]
“Suv – tekin” tushunchasidan voz kechilib, har bir o‘tayotgan suv hisob-kitobli bo‘ladi. “Aqlli” suv o‘tkazgichlar o‘rnatilishi natijasida suvni adolatli taqsimlash, behudaga sarflamaslik tizimi to‘laligicha yo‘lga qo‘yiladi va sarflangan har bir litr suv puli vaqtida to‘lab boriladi.
Do‘stlik tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM jamoasi “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida shu yil kuzda 20 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan. Kanal bo‘yi himoya hududlariga 5 ming tup manzarali daraxt va 50 ming dona terak qalamchalari ekib chiqildi. Shu kunlarda ko‘chat ekish jarayonlari qizg‘in ketmoqda. Joriy yilning 15 dekabriga qadar ko‘chat ekish ishlari davom etadi.
Tashkilotning yordamchi xo‘jaligi mavjud bo‘lib, bu yerda 200 dona tovuq, 50 dona o‘rdak va g‘oz, shuningdek, 4 bosh sog‘in sigiri hamda 20 bosh qo‘y parvarishlanmoqda. Har oy yakuni bilan ishchi-xizmatchilarga oylik maoshlaridan tashqari tuxum, yog‘ va go‘sht mahsulotlari tarqatib borilmoqda.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/4twrzoonOKA" title="Suv taʼminotidagi yangi tizim samara bermoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dono xalqimizda “Yeri to‘qning ko‘ngli to‘q”, degan naql bor. Shuni yaxshi bilgan tuman suv yetkazib beruvchilari tomonidan bir qator kuzgi-qishki ishlar rejalashtirib olingan. Sug‘orish tarmoqlari betonlashtiriladi, inshootlar, jihozlar ta’mirlanadi. Ayni paytda kuzgi ekinlarni sug‘orish ishlari davom etmoqda, bugun-erta yaxob, chilla suvi berish, sho‘r yuvish ishlari boshlab yuboriladi.
Muxtasar qilib aytganda, Jizzax suvchilari uchun qish fasli – chinakam ish fasli bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video),
O‘zA muxbirlari