Suv ta’minoti xodimlari sharaflandi
Mamlakatimizda 18 aprel uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganlarni “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan.
Shu munosabat bilan Milliy matbuot markazida “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizim korxonalarida samarali mehnat qilib kelayotgan 54 nafar soha vakiliga “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘rak nishoni, 120 nafar xodimga esa faxriy yorliq topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan qutlab, o‘tgan qisqa davrda kommunal sohaning barcha yo‘nalishlarida, shu jumladan, aholining ichimlik suv ta’minotini tubdan yaxshilash borasida ulkan natijalarga erishilganini ta’kidladi. Bu borada sohada mehnat qilayotgan har bir xodimning munosib hissasi borligi e’tirof etildi.
[gallery-6688]
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan katta e’tibor natijasida oxirgi besh yilda 6,5 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlandi. Birgina o‘tgan yili 474 ta suv inshooti qurilib 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortilgan. Natijada, 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilangan.
Taqdirlanganlar ushbu yuksak e’tirof ularga kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, soha rivoji va odamlarning og‘irini yengil qilish orqali inson qadrini ulug‘lash yo‘lida yanada fidokorona mehnat qilishga undashini ta’kidlashdi.
Nilufar Bozorova, Oqil G‘ulomov O‘zA surati Fotoda