Suv ta’minoti: Davlat dasturlarining ijrosi qanday?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida “Suv xo‘jaligi sohasida davlat dasturlarining ijrosi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021 — 2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda sohaga oid tegishli davlat dasturlari asosida irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish tadbirlari haqida OAV vakillariga ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021 — 2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida 19 ta irrigatsiya ob’ektida jami 92,6 kilometr uzunlikdagi kanalni rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilib, bugungi kunda 56,7 kilometr uzunlikdagi kanalni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi. Shuningdek 56,9 kilometr kollektorda qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Vazirlik tasarrufidagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalaridagi eskirgan 6 dona nasos hamda 24 dona elektrodvigatel almashtirildi. Nasos stansiyalarida 113 dona “onlayn” rejimda monitoring qilish qurilmasi, melioratsiya kuzatuv quduqlariga 107 dona “DIVER” uskanasi o‘rnatildi.
[gallery-8625]
2022 yilda “Do‘stlik” kanalining 252 piketidagi bosh suv taqsimlash inshootida avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi joriy qilindi. Davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida suv xo‘jaligida 9 ta suv xo‘jaligi ob’ekti davlat-xususiy sherikligiga berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlarga 2022 yilda 31 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis ishga qabul qilindi. Joriy yilda suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish, ilmiy va innovatsion salohiyatni rivojlantirish, ilmiy yutuqlar va nou-xaularni joriy qilish ishlari bo‘yicha bugungi kunda 2 ta ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida vegetatsiya mavsumida ekinlarni sug‘orish uchun hududlarga suvni yetkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, olis hududlardagi suv ta’minotida yuzaga kelgan muammolar va ularni bartaraf etish uchun yozgi sug‘orish mavsumi mobaynida Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, amaliy yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA