Suv ostida yashiringan jonli mo‘’jiza
O‘lkashunoslik muzeylariga borgansiz. Hududingiz kechmishi bilan hisoblashgansiz. Odatda, muzey deganda ko‘pchilik qadimiy yodgorliklar saqlanadigan, mashhur rassomlar asarlari namoyish etiladigan joyni tushunadi. Siz okean tubida joylashgan “San’at muzeyi” haqida eshitganmisiz?
Florida qirg‘og‘i yaqinidagi Meksika qo‘ltig‘ida “Suv osti San’at muzeyi” joylashgan. Bu yerda turli shakl-shamoyildagi beton va metall haykallar bor. Xullas, bu makonda okean ekologiyasi bilan uyg‘unlik hosil qilingan.

Hayratlanarli jihati shundaki, eksponatlar odatiy emas, balki tarixiy ashyo o‘laroq, javon ichida turib qolmaydi. Haykallar ustida marjonlarni, o‘sayotgan suv o‘tini ko‘rish mumkin. Chor-atrofda baliqlar, turli dengiz jonzotlari yashaydi. Shu tariqa san’at asarlari evrilish jarayonini boshdan kechiradi. Alal oqibat, sun’iy ob’ekt tabiiy rif, ya’ni marjon qoyaga aylanadi.
Bu muzeyga qanday borish mumkin? Sayyohlar suvga sho‘ng‘ib yoki “snorkeling” usulida tirik ekotizimning bir bo‘lagi bo‘lgan san’at asarlari bilan tanishish, ajoyib manzarani jonli his etish baxtiga musharraf bo‘ladi. “Snorkeling” tushunchasi suv yuzasida niqob va nafas olish naychasidan foydalangan holda suzishni anglatadi. Bu yo‘l bilan San’at muzeyiga uyushtirilajak tashrif tom ma’noda haqiqiy sarguzashtga aylanadi.

Xo‘sh, nega g‘ayri oddiy, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ekspozitsiya okean tubida barpo etilgan? Muddao nima? Boisi, muzey san’at asarlarini ommalashtirish barobarida ekologiya barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Fauna uchun sun’iy boshpana vazifasini o‘taydi. Tabiiy ekotizimni tiklashga yordam beradi.

Tabiat va san’at uyg‘unligiga shaxsan guvoh bo‘lishni istaganlar, chinakam shinavandalar uchun bu joy xotiraning o‘chmas sahifasini yaratishi shubhasiz.
Maftuna Boqiyeva, O‘zA