Surxondaryolik ustozlarga davlat mukofotlari topshirildi
Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidan ham soha fidoyilari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimligida mukofotlarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, o‘qituvchi va murabbiylar ishtirok etdi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Buning uchun o‘quv muassasalarida barcha zamonaviy sharoitlar yaratilib, xorij tajribasi keng joriy etilayotgani, soha xodimlari munosib rag‘batlantirilayotgani qayd etildi.

Joriy yil viloyatdagi 135 ta ta’lim muassasasida 527,9 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yil ilk bor o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida mamlakatimiz bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 208 nafar ustozlar safida 15 nafar surxondaryolik pedagog ham bor. Ularning har biri 616 million so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.

Vohadagi 54 ta texnikumda100 dan ortiq kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Ularda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etilayotir.
O‘n yil muqaddam viloyatda bitta universitetda kadrlar tayyorlangan bo‘lsa, hozir beshta davlat va ikkita xususiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talaba-yoshlar soni uch baravarga o‘sib, 75 ming 389 nafarni tashkil etmoqda.

Bayram arafasida davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lganlar safida Bandixon tumani ixtisoslashtirilgan maktabining tasviriy san’at fani o‘qituvchisi Ziyodullo Ko‘chkinov ham bor. Tajribali ustoz ko‘p yillardan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

– Maktabda ish boshlaganimga 33 yil bo‘libdi, – deydi Bandixon tumani ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ziyodullo Ko‘chkinov. –O‘shanda 23 yoshda edim. Shu yillarda pedagog sifatida shakllandim. Turli sohalarda halol mehnat qilayotgan ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Kamtarona xizmatimni yuqori baholab, davlat mukofoti bilan taqdirlashganidan juda quvondim. So‘nggi yillarda ta’limga qaratilayotgan yuksak e’tibor bizni yanada ko‘proq izlanib, yosh avlodni jahon andozalari darajasida o‘qitishga undamoqda. Buning uchun barcha sharoit yaratilganidan faxr hissini tuyib, mehnat qilayapmiz.

Marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklab, vohadagi ta’lim muassasalarida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berayotgan fidoyi soha xodimlariga davlatimizning yuksak orden va medallarini tantanali topshirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri