Surxondaryolik pillakorlar ham zafar quchdi
Surxondaryo viloyati pillakorlari 1 ming 715 tonnadan ortiq “kumush tola” tayyorlab, shartnoma majburiyatini bajardi.
Pillakorlar mahalliy iqlimga mos, serhosil kasalliklarga chidamli 30 ming 572 quti ipak qurti urug‘ini parvarishlab, o‘rtacha hosildorlikni 56,1 kilogrammga yetkazdi. Yetishtirilgan hosilning asosiy qismi yuqori navlarga qabul qilindi.
Prezidentimiz g‘oyasi bilan pillachilik tarmog‘ining kompleks rivojlantirilayotgani sohani serdaromad tarmoqqa aylantirib, hosildorlikni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bahorgi pilla yetishtirish mavsumida yuksak uyushqoqlik va intizom bilan mehnat qilingani, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari va soha mutaxassislarining o‘zaro hamkorlikda amalga oshirgan ishlari hamda ozuqa bazasining mustahkamlanib borayotgani o‘z samarasini berdi. Erishilgan bu muvaffaqiyatga viloyatning, ayniqsa, Sho‘rchi, Bandixon, Denov tumanlari pillakorlari munosib ulush qo‘shdi.
Sho‘rchi tumanidan “Qarshiyev Ilyos”, “Turdimurod”, “Ro‘zi Mamaraimov”, Bandixon tumanidan “Sodiqbobo”, “Ko‘ksoy obod”, “Baraka yorliq”, Denov tumanidan “Abdulxoshim Laziz”, “Mamatmo‘min Choriyor”, “Isomiddin Shahobiddin” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklari pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejalarini 110 foizga oshirib bajardi.
Viloyatda qabul punktlariga pilla hosilini topshirish davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA