Surxondaryolik paxtakorlar zafar quchdi
Surxondaryo viloyati paxtakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi. Qabul punktlariga 268 ming tonnadan ziyod xom ashyo topshirildi.
Shu munosabat bilan bugun Termiz tumanidagi “Al-Hakim At-Termiziy” majmuasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda vohaning sektor rahbarlari, ilg‘or klaster, fermer xo‘jaliklari, soha fidoyilari va faxriylari ishtirok etdi.

Joriy yil viloyatda 12 ta paxtachilik–to‘qimachilik klasteri va ikki ming 96 fermer xo‘jaligi 72 ming 270 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar “Buxoro-102”, “Buxoro-108”, “Buxoro-110”, “Namangan-77”, “Sulton” kabi ertapishar va “Termiz-202”, “SP-1607”, “ST-1651” singari ingichka tolali g‘o‘za navlarini parvarishladi.
Paxtachilik uchun ob–havo noqulay kelgan va suv taqchilligi kuzatilgan yilda dehqonlarning omilkorlik bilan qilgan mehnati evaziga mo‘l hosil to‘plandi. Paxta yig‘im–terimini uyushqoqlik bilan amalga oshirish uchun 1 ming 529 ta otryad tuzilib, 167 ming nafardan ziyod terimchi, 1 ming 180 ta traktor va 1 ming 983 ta tirkama jalb etildi. Shartnomaviy reja 30 kunda ortig‘i bilan uddalandi. Hosilning asosiy qismi yuqori navlarga sotildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, paxta rejasini bajarishga munosib ulush qo‘shgan klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutasaddilar, mexanizator, suvchi va terimchilarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

–Bu yutuqqa o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q,–dedi viloyat rahbari.– Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar va paxtachilikda klaster tizimi yaratilgani, yerga, dehqonchilikka munosabat tubdan o‘zgarib, sohaning serdaromad tarmoqqa aylangani yutuqlar omili bo‘ldi. Bunga shu yilgacha viloyat paxtakorlari biron marta shartnomaviy rejani o‘ttiz kunda bajarmagani ham yaqqol dalildir. Ayniqsa, Oltinsoy, Termiz, Qiziriq kabi tumanlarda yillik shartnomaviy reja birinchi terimdayoq bajarilgani e’tiborga sazovordir.


Tadbirda ilg‘or sektorlar, klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek, yig‘im-terim mavsumida faol ishtirok etgan mutasaddilarga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.O‘zining tajribasi bilan hosilning salmoqli bo‘lishi va erta pishib yetilishida qimmatli maslahatlarini ayamagan bir guruh soha faxriylari munosib rag‘batlantirildi.

Viloyatda paxta yig‘im–terimi qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri.