Surxondaryolik o‘quvchilar sayohatga chiqmoqda
Surxondaryo viloyatida “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida “Yangi yilda – Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” tadbiri o‘tkazilmoqda.
Mazkur haftalik Prezidentimizning 2022 yil 30 apreldagi "Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi hamda 2022 yil 27 maydagi "Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 dekabrdagi yig‘ilish bayoniga asosan tashkil etildi.

Qiziqarli taassurotlarga boy bo‘layotgan sayohat o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini sermazmun o‘tkazishga va ularni mamlakatimizning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylari, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

–Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun sayohat reja-grafigi ishlab chiqildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. – Sayohatga Termiz shahri va tumanlardagi maktablarning 750 nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi hamda uyushmagan yoshlardan iborat 7-11 sinf o‘quvchisi jalb etilmoqda. Ular viloyatdagi Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota kabi muqaddas ziyoratgohlari, so‘nggi yillarda bunyod etilgan va yoshlarning sevimli joyiga aylanib bo‘lgan “ICEBERG” ko‘ngilochar markazi, Termiz hayvonot bog‘i, “Oxus”, “Marvarid” singari ekoturizm dam olish maskanlarini miriqib tomosha qilayotir. Mintaqamizda yagona – Termiz arxeologiya muzeyi va Termiz davlat muzey-qo‘riqxonalarida mahorat saboqlari o‘tkazilmoqda. “Uyidan-sayohatga sayohatdan uyigacha” tamoyili asosida tashkil etilayotgan tadbir xavfsizlik choralari ko‘rilgan dastur asosida uyushtirilmoqda.

Har bir guruhga ikki nafar tibbiyot, ikki nafar yo‘l-patrul xizmati xodimi, 15 yosh sayyohga bir nafar o‘qituvchi va viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining ikki nafar xodimi hamrohlik qilmoqda. Viloyatda “Yoshlar turizmi haftaligi” davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri