Surxondaryodagi qutlug‘ qadamjolarga sayohat
Surxondaryo viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda turoperatorlar uchun Termiz tumanidagi Hakim at-Termiziy, Termiz shahridagi Sulton Saodat majmualari va Kokildor ota xonaqohiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Hakim at¬-Termiziy majmuasida bo‘lib, buyuk alloma xoki mangu qo‘nim topgan sokin go‘shani ziyorat qildi. Majmuada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Majmua xodimlari bilan sokin bu maskan tarixi, ziyoratchilar bilan ilk taassurotlari haqida dildan suhbat qurdi. O‘tmishda barpo etilgan g‘orlar bilan qiziqdi.

–Bu g‘orlar milodiy 5 asr ya’ni, Baqtriya davlati davrida inson qo‘li bilan ochilgan, – deydi Hakim at-Termiziy majmuasi xodimi Najmiddin Aytuvganov. – O‘sha davrlarda Movarounnahrda buddizm dini shakllangan bo‘lib, budda rohiblari ibodat qiladigan maskan vazifasini o‘tagan. Hakim at-Termiziy yashagan 9 asrlarda bu g‘orlarda yolg‘iz islomiy toat-ibodat qilinadigan joy hamda oziq-ovqat saqlanadigan ombor sifatida foydalanilgan. Chunki, yer ostidagi g‘orlar qishda issiq, yozda salqinligi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga juda qulay joy bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, bu g‘orlarda olimlar ilm olish, Allohning roziligiga erishish, hajga ketayotgan insonlar ruhan poklanish, jismonan tayyorlanish uchun 40 kungacha yolg‘iz, tanho o‘tirishgan. Hozirgacha uysimon shakldagi chillaxonalarning o‘ndan ortig‘i kovlab, topilgan. Ularning eng chuquri 13 metrni tashkil etadi. Qolganlari 6-7 metr atrofidagi chuqurlikda joylashgan.

Hakim at-Termiziy ilmini yanada oshirish maqsadida Balx, Nishopur, Bag‘dod, Makka, Madina singari yirik shaharlarda bo‘lib, o‘qigan. Ulug‘ olim va fuzalolarning ilmiy bahs-munozaralarida ishtirok etgan. Manbalarda ul zotning 400 dan ortiq asar yozgani qayd etilgan. Lekin, ulardan atigi 60 ga yaqini bizgacha yetib kelgan.
Jurnalist va turoperatorlarning navbatdagi manzili Sulton Saodat majmuasi bo‘ldi. 12-17- asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorlik qurilishi uzunligi 70 metrli hovlida qad rostlagan. U yigirmaga yaqin maqbarani o‘z ichiga oladi. Sayyidlar sulolasining maqbaralari joylashgan bu majmua xalq orasida Sulton Saodat maqbarasi nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, IX-asrda Vatanimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko‘pchiligi o‘zlarining kelib chiqishini shu xonadon bilan bog‘laydi.

Termiz sayyidlari Muhammad payg‘ambarning qizi bibi Fotimaning o‘g‘li imom Husaynning beshinchi avlodi bo‘lgan Hasan al-Amirga borib taqaladi. Hasan al-Amir o‘zining yaqinlari bilan 850 - yilda Samarqandga kelgan. O‘n bir yil yashab Balxga ko‘chgan. Taxminan 865 yilda Termizga ko‘chib keladi va shu yerda butunlay o‘rnashib qoladi.
Amir Temur hukmronligi davrida ham Termiz sayyidlari xonadonining nufuzi yuqori bo‘lgan. Ulardan Abul-Maali va Ali Akbarlar Sohibqironning harbiy yurishlarida ishtirok etgan. Amir Temur Hindistonga qilgan yurishlarida ikki uch kun Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab o‘tgan. Sohibqiron Termiz sayyidlariga chuqur hurmat-ehtirom sifatida xonaqoh bunyod etgan. Afsuski, Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan bu inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagan.
Ayni paytda majmua atrofida yirik hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, jome masjidi, mehmonxona barpo etilmoqda.
Majmuada tadbir qatnashchilariga shu haqda atroflicha ma’lumot berildi.

Press-tur ishtirokchilarida Kokildor ota xonaqohi ham katta qiziqish uyg‘otdi. O‘tmishdan saqlanib qolgan mazkur me’moriy yodgorlik xalq orasida Aloulmulk Xudovandzoda (Termiz hukmdori) ko‘shki, «Azizon», «Azlar eshon», «Kokildor» (kokil qirqish udumi), deb nomlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, xonaqoh 16 asrda Abdullaxon II davrida bunyod etilgan.
– Bu press-turning gashti boshqacha bo‘ldi, – deydi Surxondaryo teleradiokompaniyasi katta muharriri Surayyo Nurmanova.
– Bugun nafaqat, buyuk ajdodlarimiz xokini ziyorat qildik, balki ular haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu manbalardan foydalanib qutlug‘ qadamjolarimiz va o‘tmishda yashagan ulug‘ bobolarimiz to‘g‘risida ko‘rsatuv hamda eshittirishlar tayyorlaymiz. Yurtimizda ziyorat turizmiga qaratilayotgan e’tiborning mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yanada chuqurroq tushuntirishga intilamiz.
Tadbir ishtirokchilari o‘tmishdagi boy tariximiz, nafis me’morlik san’atimiz va madaniy taraqqiyotimizdan guvohlik beruvchi muqaddas qadamjolardan o‘zgacha taassurotlar bilan qaytishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA