Surxondaryoda yangi rahbarlar ish boshladi
Navro‘z bayrami arafasida Surxondaryo viloyati madaniyat boshqarmasi va viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasiga yangi boshliqlar tayinlandi.
Viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida Boboyorov Davron Ismatullayevich ish boshladi.
D.Boboyorov 1979 yil Denov tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat hokimligida mas’ul vazifalarda ishlagan.
Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Surxondaryo viloyati hokimligi bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Arabov Abdumutalip Muxamadiyevich Surxondaryo viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshladi.
A.Arabov 1968 yil Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Termiz davlat universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat.
Mehnat faoliyati davomida Termiz pedagogika kolleji, Jarqo‘rg‘on sport kolleji, viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim boshqarmasi, “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Mazkur tayinlovgacha A.Arabov Surxondaryo viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida xizmat qilayotgan edi.
O‘zA