Surxondaryoda xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasi
Surxondaryo viloyatida joriy yil 24-26 mart kunlari mamlakatimizda ilk marta o‘tkaziladigan xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasiga start berilmoqda.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi Matbuot uyida mazkur turnir oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, xorijlik mehmonlar, chavandozlar, murabbiylar ishtirok etgan tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi vitse prezidenti Erkin Abzalov va boshqalar xalqaro musobaqaning milliy qadriyatlarimiz va milliy sport o‘yinlarimizni dunyoga keng tarannum etib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashdagi ahamiyati haqida fikr yuritdi. Ot sporti xususan, uloq-ko‘pkari musobaqasi nafaqat, Osiyo davlatlari balki, jahon xalqlarining sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylanayotgani alohida ta’kidlandi.

Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Milliy gvardiya, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro turnirda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi xorijiy davlatlar va mamlakatimizdan 8 ta jamoa o‘zaro bahslashadi.

Prezidentimizning 2021 yil “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan nufuzli bellashuv Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi maydonida bo‘lib o‘tadi. Musobaqani yuksak saviyada o‘tkazish uchun Yangiobod mahallasi hududidagi 64 gektardan ortiq maydonda joylashgan Qorabayir otlari mahorat maktabida barcha sharoit yaratilgan. Xalqaro uloq-ko‘pkari musobaqasi g‘oliblari va nominatsiyalar sohiblari 470 million so‘m pul mukofoti va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari Rossiya Kok-Boru va milliy sport turlari federatsiyasi prezidenti Kristina Karamashinaning mamlakatda ot sporti turlari shu jumladan, ko‘pkarini rivojlantirishga qaratilayotgan etibor haqidagi taqdimoti bilan tanishdi. Qozog‘iston Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi, mashhur polvon Kuvanchbek Kuramayev Qozog‘istonda uloq-ko‘pkari musobaqasining sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Anjuman ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA