Surxondaryoda qovun pishdi
Sherobod tumanidagi “Sardorbek Sultonbek Samir Daler” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sanjar Allanazarov Farg‘ona viloyati Beshariq tumanilik ziroatshunos Abdutolib Ne’matov bilan hamkorlikda anorzor qator orasida ertapishar qovun va tarvuz yetishtirib, mo‘l hosil to‘pladi.
Mahalliy iqlim sharoitida poliz mahsulotlaridan salmoqli hosil olish uchun tajribali dehqonlar joriy yil yanvar oyining so‘nggi o‘n kunligida urug‘ ekib, uni bir tekis undirib oldi. Fevral oyining oxirgi o‘n kunligidan to‘rtinchi martgacha ekin maydonlariga o‘tqazdi.10 gektar anorzor qator orasida “Dakara” navli erta pishar qovun, 10 gektarda “Do‘lbe” navli tarvuz parvarishladi.


Sherobod tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Asomiddin Mamayusupovning O‘zAga xabar berishicha, bugun ochiq maydonda yetishtirilgan polizning ilk hosili yig‘ib olinib, ichki bozorda sotish uchun chiqarildi.
Sohibkorlar ertachi qovunning 1 gektaridan 30 tonnagacha, tarvuzdan 60 tonnachaga hosil olishni mo‘ljallamoqda.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA