Surxondaryoda “Qovun pashshasi” bormi?
“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi “Qovun pashshasi” zararkunandasiga hamda madaniy o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir etadigan “Zarpechak” va “Sudraluvchi kakra” begona o‘tlariga qarshi e’lon qilgan “Dolzarb o‘n besh kunlik” doirasida Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Angor tumanida seminar tashkil etdi.
Anjumanda “Qovun pashshasi” zararkunandasini erta aniqlash va qarshi kurash olib borish uchun feromon tutqichlardan keng foydalanish, fitosanitar dala nazoratini amalga oshirish, belgilangan tartibda namunalar olib tegishli karantin laboratoriyalarida fitoekspertizadan o‘tkazib, fitosanitar xavf tahlil qilinib, zararli organizmlar aniqlangan taqdirda karantin choralarini amalga oshirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Mazkur o‘n besh kunlikni joriy qilishdan maqsad, mamlakatimizda yetishtirilayotgan poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmining kamayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan “Qovun pashshasi” zararkunandasi, madaniy o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan begona o‘tlarga qarshi ommaviy kurashni tashkil etish, shuningdek, bu haqda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot olib borish ko‘zda tutilgan.
Jannatmonand yurtimiz tabiiy quyosh nuriga to‘yingan turli noz-ne’matlari, shu jumladan, boldek shirin qovun-tarvuzlari bilan dunyoga dong taratgan. Shirasi tilni yoradigan Oqurug‘, Amiri, Obinovvot, Kampirchopon, Bo‘rikalla, Gurvak, Ko‘k tinni, Ko‘kcha-588, Shakarpalak, Gulobi, Ko‘k kallapo‘sh kabi qovun navlarining nomlari chet ellarda ham mashhur.
Davlatimiz tomonidan keyingi yillarda sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratayotgani mirishkorlarimizda bu turdagi mahsulotlar parvarishiga katta qiziqish uyg‘otib, poliz yetishtirish ko‘lamini kengaytirayotir. Eksport hajmini oshirmoqda.
Biroq qovun yetishtirishda mirishkorlarning muammolarga duch kelinayotgani ham sir emas. Chunki, ziroatlarga in qurib olayotgan turli zararkunanda hasharotlar, kasalliklar qovun hosiliga zarar yetkazmoqda. “Bo‘rikalla”, “Qora bo‘rikalla”, “Shakarpalak”, “Doniyori”, “Qariqiz” kabi qovunlar kamayib borayotir. Zararkunandalar orasida ayniqsa, “qovun pashshasi” keng tarqalgan.
Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda qovun pashshasi mamlakatimizning poliz yetishtiriladigan barcha hududlariga tarqalib himoya choralari o‘tkazilmagan dalalarda hosilning katta qismini nobud qilmoqda.
Jahonda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda agrar sohaning o‘rni va ahamiyati kundan-kunga oshib borayotgan hozirgi davrda mamlakatimizda ham mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, xalqimizni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, hosildorlik va manfaatdorlikni yanada oshirish, sohaga ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish muhim masalaga aylangan. Shunga muvofiq, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish uchun qovun pashshasining hududlarga tarqalish sabablari, bioekologik xususiyatlari, zarar keltirish darajasi, unga qarshi uyg‘unlashgan kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Qovun pashshasi keltiradigan zararning oldini olish maqsadida ekin maydonlarini almashlab ekish, zararlangan o‘simliklarni daladan olib chiqib, ko‘mib tashlash, daladagi zararlangan qovunlarni yig‘ishtirib olish, dalani chuqur shudgor qilish va qishda zarur hollarda yaxob suvi berish, hududlarga mos navlarni tanlab ekish, mineral va organik o‘g‘itlar bilan me’yoridan oshirmagan holda oziqlantirish tavsiya etilayotir.
– Bu hasharot yurtimizga Kavkaz va Kavkazoldi hududlaridan kirib kelgan, – deydi Surxondaryo viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi ichki karantin bo‘limi boshlig‘i Davron Mirzaqulov. – Qovun pashshasi bizning sharoitda mavsum davomida uch va undan ko‘p miqdorda avlod beradi. Hasharot qish mavsumida 5-15 santimetr tuproq ostida soxta g‘umbak holida yashaydi. May oyi oxiri va iyun oyining birinchi o‘n kunligida, ya’ni qovun palaklarining gullashi va meva tugishi davrida uchib chiqadi. Har bir yetilgan nasldan keyin zararkunandalarda yana 23-30 kundan so‘ng nasl paydo bo‘ladi. Bitta pashsha qovun po‘sti ostiga 100-150 tagacha urug‘ qo‘yadi. Oqibatda, qovunlar pishmasdan dalada chirib, aynib ketadi. Bunday qovunlarni hatto, chorva mollari ham yemaydi. Lekin pashsha po‘sti qotgan qovunlarga urug‘ qo‘ya olmaydi. Muammoning yanada murakkablashishining oldini olish uchun qovun pashshasi rivojining bioekologik xususiyatlarini hisobga olgan holda qarshi kurash tadbirlari tavsiya etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Dolzarb o‘n besh kunlik" doirasida Surxondaryo viloyatida 7 ming 304 gektar, shundan 34 gektarida “Qovun pashshasi” va 7 ming 125 gektar maydonda ”Zarpechak”, 145 gektar ekin maydonida “Sudraluvchi kakra” zararkunandalariga qarshi monitoring kuzatuv ishlari olib borildi. Natijada 76,6 gektar maydonda “Zarpechak” karantin begona o‘ti aniqlanib, o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlarining tavsiyalariga asosan agrotexnik usulda qarshi kurash tadbirlari amalga oshirildi.
Karantin nazorat tadbirlari chog‘ida 268 ta dalolatnoma rasmiylashtirildi. “Qovun pashshasi” zararini aniqlash uchun markaziy karantin laboratoriyasiga turli qovunlardan namunalar jo‘natildi. Markaziy karantin laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, viloyat hududidagi poliz dalalarida qovun pashshasi zararkunandasi aniqlanmadi.
Seminarda tajribali mutaxassislarning zararkunandalarni erta aniqlash va samarali kurash olib borish haqidagi fikr-mulohazalari tinglanib, qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Ayni paytda vohaning poliz mahsulotlari parvarishlanayotgan barcha ekin maydonlarida karantin nazorat tadbirlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA