Surxondaryoda paxta terimi boshlandi
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanidagi “Omad” fermer xo‘jaligi dalalarida paxta yig‘im-terimiga kirishildi.
Bu yil xo‘jalik dehqonlari 25 gektar maydonda xorijning ertapishar, serhosil navli chigitini qo‘shqator usulda ekib, mehr bilan parvarishladi. Bahor injiq, yoz fasli o‘tgan yillarga nisbatan issiq kelgan yilda paxtakorlar omilkorlik bilan ish yuritdi. G‘o‘za qator oralari begona o‘tlardan tozalanib, chopiq qilindi. Vaqtida sug‘orilib, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi. Mo‘l hosil to‘plandi. Pishib, yetilgan xomashyoni isrof qilmay yig‘ib olish uchun paxta dalasida terimchilarga barcha sharoit yaratildi.

Tajribali fermer mavsumda har gektar maydondan o‘rtacha 50 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallamoqda.

Tuman hokimligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil bandixonlik paxtakorlar uch ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. Hosilni o‘z vaqtida sifatli yig‘ib-terib olish uchun 43 ta terim otryadi shakllantirilib, mavsumga besh mingdan ortiq terimchi jalb etish rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0