Surxondaryoda mulk huquqi e’tirofi 28 mingdan ortiq oilaga quvonch ulashdi
Mamlakatimizda uzoq yillar hal etilmay, odamlarni o‘yga toldirgan mulkiy huquqlarini ta’minlashga, bu yo‘nalishda huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilayotgan e’tibor yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni o‘zboshimcha egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino, inshootlarga bo‘lgan huquqlarni belgilangan tartibda e’tirof etishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham mazkur qonun ijrosini ta’minlash uchun fuqarolar duch kelgan bu muammo qonuniy asosda hal etilib, ko‘chmas mulkka oid huquqiy munosabatlari tartibga solinmoqda. Buning uchun mahalla va qishloqlarda xatlov o‘tkazilib, mavjud holatlar o‘rganilayotir. Aholiga qonun talablari tushuntirilib, qonunning huquqiy tartib-taomillari haqida atroflicha ma’lumot berilmoqda. Ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishi mutaxassislari mahalla yettiligi vakillari, mahalla faollari va aholi bilan uchrashuvlar tashkil etib, qonunning mazmun-mohiyati, uning amal qilish doirasi, yer uchastkalari va ularda barpo etilgan bino, inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishning belgilangan bosqichlari, zarur hujjatlar haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ishtirokchilarning murojaatlari va savollari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalarga javob berilmoqda.
Joylarda tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolarning huquqiy bilimlarini mustahkamlab, qonunchilik talablarini to‘g‘ri anglash va xatlov jarayonida faol ishtirok etishlariga ko‘maklashmoqda. Ayniqsa, mahalla yettiligi vakillari va jamoatchilik faollari bilan hamkorlikda olib borilayotgan tushuntirish ishlari aholiga zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazib, mavjud savollarga oydinlik kiritish hamda jarayonning ochiqligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Viloyatda xatlov ishlariga malakali mutaxassislar jalb etilib, belgilangan tartib va reja-jadval asosida amalga oshirilmoqda. Xatlovda yer uchastkalari, ularda joylashgan bino va inshootlarning mavjud holati o‘rganilib, tegishli ma’lumotlar shakllantirilmoqda. Bu jarayonda ham aholiga huquqlarni e’tirof etish bosqichlari, ko‘rib chiqish tartibi, zarur hujjatlar va qonunchilikda belgilangan talablar yuzasidan tushuntirishlar berilib, odamlarning o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishi va huquqiy jarayonlarni to‘g‘ri tushunib olishiga yordam bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, vohada qariyb ikki yilda 76 431 ta nomzodga oid ma’lumotlar e’tirof dasturiga kiritildi. Bu ma’lumotlar bo‘yicha ishlar turli bosqichlarda davom etmoqda. Jumladan, ularning 12 ming 179 tasi muhokama jarayonida, 5 ming 219 tasi e’lon bosqichida,14 ming 888 tasiga to‘lov amalga oshirilishi kutilmoqda, 28 ming 264 tasiga Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilinib, huquqlari e’tirof etildi.
Oltinsoy tumanidagi Bo‘ston mahallasida yashovchi Sherzod Toshqulov o‘ttiz yildan buyon foydalanib kelayotgan, umumiy yer maydoni 707 kvadrat-metr, qurilish osti maydoni 342,95 kvadrat-metr bo‘lgan uy-joyga nisbatan egalik huquqini oldi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori asosida mazkur uy-joyga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi.
Sariosiyo tumanida istiqomat qiladigan Xolnazar Qilichevning Do‘stlik mahallasidagi uy-joyi qurilganiga ham o‘ttiz yil bo‘lgan edi. Biroq, chorak asrdan ko‘proq vaqt yashagan turar joy binosiga egalik huquqining yo‘qligi oila sohibini goho chuqur o‘yga toldirardi. Endilikda X.Qilichevning bu muammosi o‘z yechimini topdi. Umumiy yer maydoni 1 ming 824 kvadrat-metr, qurilish osti maydoni 265,11 kvadrat-metr bo‘lgan uy-joy xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan huquqiy e’tirof etilgach, kadastr hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
– Yashayotgan uyingizning hujjatlari qonuniy bo‘lmasa ham kishining egnida katta muammosi bo‘lar ekan, – deydi X. Qilichev. – Uyimizning kadastr hujjatlari yo‘qligi esimga tushib ketsa, jiddiy o‘yga botib qolardim. Shuncha mablag‘ xarajat qilib, qurgan uyimning taqdiri nima bo‘lar ekan, degan tashvish o‘ttiz yil yuragimni tirnab keldi. Davlatimizning oqilona siyosati bilan bu muammo yechimini topganida egnimdan tog‘ qulagandek bo‘ldi. Bunday g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

Viloyatda yer va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni qonuniy asosda e’tirof etish fuqarolarning mulkiy manfaatlari kuchli himoya qilinib, huquqiy aniqlikni ta’minlamoqda. Ko‘chmas mulkka oid munosabatlarni tartibga solayotir. Xatlov boshlanganidan buyon viloyatda 28 ming kishining uy-joyga bo‘lgan egalik huquqi e’tirof etilgani ana shu oilalar uchun o‘z mulkini qonuniy rasmiylashtirib, unga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlashga qulay imkoniyat yaratdi. Oila a’zolariga o‘zgacha quvonch ulashib, adolat ustuvor bo‘lgan obod, osuda yurtda yashayotganidan faxr hissini mustahkamladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq xatlov kelgusi yilda ham uyushqoqlik bilan davom ettiriladi. Kadastr agentligi e’lon qilgan reja-jadvalga ko‘ra, yangi yilda Surxondaryo viloyatidagi 440 ta mahallada xatlov olib boriladi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar aholining huquq va manfaatlarini ta’minlab, mulkiy munosabatlarda aniqlikni mustahkamlash va jamiyatda qonunga hurmat tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri