Surxondaryoda kitobxonlik haftaligi boshlandi
Surxondaryo viloyatida joriy yil 10-15 aprel kunlari viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Adib Sobir Termiziy nomli viloyat axborot-kutubxona markazi, Termiz davlat universiteti va boshqa tashkilot, muassasalar hamkorligida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilmoqda.
“Kitobsevar millat” shiori ostida tashkil etilgan haftalikning tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda keyingi yillarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar aholi ayniqsa, yosh avlodning kitob bilan do‘st tutinib, kitob mtolaasiga qiziqish va intilishini oshirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ham mazkur qarorning ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
–Mazkur hujjatda belgilab berilgan vazifalar o‘zining dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zaxiriddin To‘rayev.– Shunga muvofiq vohada kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish, kitob sotishga ixtisoslashgan korxonalarning ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazishga alohida ahamiyat berilmoqda. Mutolaa madaniyatini oshirish, shu jumladan, ommaviy-axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan ta’sirchan faoliyat olib borishga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Viloyatda har yili an’anaviy o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Kitobsevarlarning o‘ziga xos bayramiga aylanayotgan tadbirning ilk kuni Termiz davlat universitetida kitoblar sayli bilan boshlandi.
–So‘nggi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik saviyasini oshirishga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarda chuqur ma’no bor. Zotan, kitob insonni komillikka yetaklaydi, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha birinchi prorektor Obid Shofiyev. –Bilimini boyitib, nutq madaniyatini o‘stiradi. Xotirasini mustahkamlaydi. Viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muasasamizda ham talaba-yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Turli tanlovlar o‘tkazib, eng yaxshi kitobxonlarni munosib rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu haftalik doirasida ham qator tadbirlar tashkil etishni rejalashtirib oldik.
Haftalik kunlari viloyatda mamlakatimizdagi nashriyotlarda chop etilgan yangi mahalliy va xorijiy asarlar, yosh ijodkorlar kitoblari taqdimoti, kitobsevarlar uchun mahorat darslari, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA