Surxondaryoda g‘o‘za parvarishi boshlandi
Angor tumanidagi “Zamin Angor Cluster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri dalasida g‘o‘za nihollari parvarishida muhim tadbir – qator oralari kultivatsiyasini sifatli o‘tkazish va uning mo‘l hosil yetishtirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Bu yil tuman paxtakorlari 4 ming 450 gektar yerda g‘o‘za parvarishlamoqda. Ana shu maydonning 3 ming 681 gektarida “Zamin Angor Cluster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri dehqonlari chigit ekib, undirib oldi. Tumanda bir tekis unib chiqqan g‘o‘za nihollarini birinchi oziqlantirish, qator oralarini kultivatsiya qilib, yumshatish ishlari boshlandi.


Paxta parvarishlashda yetarli tajribaga ega klaster dalasida bo‘lib o‘tgan seminarda tuman hokimi Qosim Mardonov ishtirok etib, g‘o‘zaning o‘sish davrida o‘g‘itlanishi, mineral o‘g‘itni nihollar yaxshi o‘zlashtirishi uchun oziq moddalar ildiz o‘sish qatlamiga yaqin solinishi, bu jarayonlarda qator oralarini kultivatsiya qilishning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi oziqlantirish, qator oralarini sifatli yumshatishning mo‘l hosil yetishtirishdagi o‘rni to‘g‘risida fikr almashdi. Klaster dalasida ilk kultivatsiyani mavjud agrotexnik tadbirlarga mos o‘tkazish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.


– G‘o‘za nihollari unib chiqqach, parvarishiga alohida e’tibor qaratish zarur, – deydi tuman hokimi. – Bu yumushlarsiz serhosil navdan ham mo‘l hosil olish imkoniyati boy beriladi. G‘o‘za nihollarini unib chiqqan ilk 20-25 kunlik davrida to‘g‘ri parvarishlash paxta hosilining mo‘l bo‘lishiga zamin yaratadi. Tajribalardan ma’lumki, g‘o‘za nihollarining o‘sib-rivojlanishini tezlashtirish va paxta maydonlarini begona o‘tlardan tozalashda qator oralari tuproqlarini to‘liq, sifatli yumshatish talab etiladi. Bu agrotexnik tadbir qator oralarida mayin, maydalangan tuproq hosil qilib, undagi namlikni uzoq saqlab turishga, begona o‘tlarning o‘sib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Joriy yilda Surxondaryo viloyati paxtakorlari 62 ming 852 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, mo‘l hosil olishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun viloyatda tashkil etilgan 167 ta otryadga paxtachilik bilan shug‘ullanadigan 1 ming 945 fermer xo‘jaligi biriktirilib, bahorgi chigit ekish mavsumi tez va sifatli amalga oshirildi. G‘o‘za nihollari ham erta va sifatli bo‘y ko‘rsatdi.
Voha dalalarida chigit unib chiqqan maydonlarda dastlabki oziqlantirish, qator oralarini kultivatsiya qilish va boshqa muhim agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Viloyatda paxta yetishtirilayotgan maydonlarning qariyb 30 ming gektarida Xitoy-Shinjon texnologiyasi asosida qolgan maydonlarda mahalliy sharoitga moslashtirilgan xorijiy va mahalliy navli g‘o‘za nihollari parvarishlanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri