Surxondaryoda don topshirish rejasi bajarildi
Surxondaryo viloyati g‘allakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, sara don topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. O‘rib-yig‘ib olingan hosilning rejadan ortiq bir qismini ehtiyojmand oilalarga bepul tarqatdi.
Joriy yil viloyatda 2 ming 38 fermer xo‘jaligi 84 ming 672 gektar maydonda g‘alla parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdi. Qabul maskanlariga 271 ming 300 tonna sara don topshirildi. Voha g‘allakorlari erishgan bu yutuqqa Bandixon, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Qumqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlari g‘allakorlari katta hissa qo‘shib, rejalarini ortig‘i bilan uddaladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan g‘allachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, viloyatda mahalliy iqlimga mos va erta pishar boshoqli don ekinlarini parvarishlab, hosildorlikni yildan-yilga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu yilgi mavsumda ham hozirgacha vohadagi 150 dan ortiq fermer har gektar maydondan o‘rtacha yuz sentnerdan hosil oldi.

Viloyatda pishib, yetilgan hosilni qisqa muddatlarda isrof qilmasdan yig‘ib olish uchun 120 ta maxsus otryad tashkil etilib, ularga 234 ta yuqori unumli kombayn biriktirildi. Donni tashishda 1 ming 190 dan ortiq yuk tashish texnikasidan foydalanildi. O‘rim va tashish texnikalariga 110 ta ko‘chma ustaxona va 79 ta yoqilg‘i tashish vositasi sifatli xizmat ko‘rsatdi.

Bu yil viloyatda g‘alla yetishtirgan fermer xo‘jaliklari rejadan ortiq yig‘ib olingan donning bir qismini dehqonlarga tarqatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha fermerlar har bir ishchisiga kamida 300 kilogrammdan 14 ming 300 tonna don tarqatib berdi.

Dehqonchilik uchun ob-havo injiq kelgan yilda ham g‘allakorlarning oqilona mehnati bilan mo‘l hosil to‘plangani fermerlarni yana saxovatli ishga undadi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan qariyb besh ming ehtiyojmand oilaga bepul don tarqatildi.

Shu munosabat bilan Sherobod tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ZOOM platformasi orqali ishtirok etib, barcha g‘allakorlarni ulkan yutuq bilan tabrikladi. Ijtimoiy reyestrdagi oilalarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tumanlardan qatnashayotgan saxovatpesha fermerlarga minnatdorlik bildirdi. Tadbirda ehtiyojmand oilalarga qariyb ming tonna bug‘doy tarqatildi. Ayrim sabablarga ko‘ra, tuman studiyalariga yetib kelolmagan fuqarolarning xonadonlariga tuman hokimlari maxsus texnikalar bilan ularga ajratilgan donni yetkazib berdi.

Viloyatda g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA