Surxondaryo viloyat hokimligida yangi o‘rinbosar ish boshladi
Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Oybek Ashurov tayinlandi.
U 1988-yil Sherobod tumanida tug‘ilgan. 2011-yil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tugatgan. Huquqshunos. Uchinchi darajali xizmatchi.
Oybek Ashurov Sherobod, Sho‘rchi tumanlari hokimliklarida turli mas’ul vazifalarda, jumladan, hokim o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan. Surxondaryo viloyati hokimligi ijro nazorati bo‘limi boshlig‘i vazifasida mehnat qilgan.
Tayinlovga qadar viloyat hokimligi ijro apparati rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Shu paytgacha mazkur lavozimda ishlagan Ilhom Saparov yaqinda Jarqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan edi.
Ayni paytda Murodali Yuldoshev viloyat hokimligi ijro apparati rahbari lavozimida ish boshladi.

Murodali Yuldoshev 1992-yil Denov tumanida tug‘ilgan. 2016-yil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha huquqshunos. Ikkinchi darajali xizmatchi.
Mehnat faoliyati davomida Prezidentimizning Denov tumani va viloyat Xalq qabulxonalarida mutaxassis, Surxondaryo viloyati sudida sudya yordamchisi hamda apparat rahbari lavozimlarida xizmat qilgan.
Tayinlovga qadar viloyat hokimining kapital qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri