Surxondaryo sayyohlarni maftun etishda davom etadi
Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasi dunyo global inqirozni boshdan kechirayotgan bir paytda mamlakatimizda erishilgan natijalarni sarhisob qilib, yangi yil vazifalarini belgilab bergani va unda barcha tarmoqlar qatori turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar o‘z ifodasini topgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Yakunlanayotgan yilda sayyoramizga chang solgan pandemiya jahon sayyohlik sohasiga jiddiy ta’sir etdi. Ko‘plab davlatlarda turizmni inqiroz yoqasiga keltirib, iqtisodiyotini tang ahvolga solib qo‘ydi. Shunday og‘ir holatda yurtimizda ko‘rilgan zarur chora-tadbirlar sohani qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘ldi. Prezidentimizning 2020 yil 28 maydagi “Коронавирус pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi фармони bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Мазкур hujjatga muvofiq turizm yo‘nalishida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subektlariga maqsadli foizsiz ssudalar ajratish joriy etildi. Hozirgacha viloyatdagi o‘nbeshga yaqin mehmonxona va turoperatorlik firmalari ushbu imtiyozdan foydalanib, xodimlarining ish haqini to‘lash orqali saqlab turish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 400 million so‘mga yaqin maqsadli foizsiz ssuda oldi. Shuningdek, farmon ijrosi doirasida 20 ta tadbirkorlik subektining joylashtirish vositalarini qurish uchun tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlari bo‘yicha 31 milliard so‘mdan ziyod asosiy qarz to‘lovi 18 oydan 24 oygacha uzaytirildi.
Global inqiroz sharoitida mamlakatimizda sohaga qaratilgan bunday e’tibor karantin cheklovlari o‘rnatilgan bir paytda ham tadbirkorlarga shijoat bag‘ishlab, ularning rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlarini davom ettirishga undadi. Jumladan, dasturga ko‘ra, vohada 2020-2021 yillarda loyiha qiymati 288,3 milliard so‘mlik, shundan 110,2 milliard so‘m va 7,6 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari evaziga 2 ming 863 o‘rinli 63 ta mehmonxona qurilishi belgilangan edi. O‘tayotgan yilda ana shu joylashtirish vositalarining 20 dan ortig‘i foydalanishga topshirilib, 250 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. 70 dan ortiq oilaviy mehmon uyi barpo etildi. Chunki, dunyoda turizm og‘ir inqirozni boshdan kechirayotgan qaltis paytda yurtimizda sohaning moliyaviy qo‘llab-quvvatlangani sayyohlik yo‘nalishida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning pandemiyadan keyingi davrda turizmning yanada rivojlanishiga ishonch hissini mustahkamladi. Ayni paytda viloyatda yetmishga yaqin mehmonxona, yuzdan ortiq oilaviy mehmon uylari va qariyb 40 ta turoperatorlik firmasi sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida turizm sohasiga berilgan imtiyozlar yangi yil yakunigacha saqlanib qolishining ma’lum qilingani, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yuksaltirishning eng maqbul yo‘llari belgilab berilgani tadbirkorlarimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Ishbilarmonlarimizda sohada turli xizmatlarni ko‘rsatishga ishtiyoq, qiziqish oshdi.
Og‘ir, sinovli kechgan yilda turizm uchun boy imkoniyatlarga ega vohaga sayyohlar kelishi keskin kamaygani sir emas. Xususan, viloyatga joriy yilda 6 ming 700 dan ortiq xorijlik, 25 mingga yaqin mahalliy sayyoh kelib, muqaddas qadomjolarni ziyorat qildi. Tarixiy, arxeologik obidalar bilan yaqindan tanishdi. Boy tabiat manzaralaridan baxramand bo‘lib, so‘lim go‘shalarda dam oldi, salomatligini tikladi.
Viloyatda paleolit zamonidan XX asrgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan 561 ta tabiiy va madaniy meros yodgorligi mavjud. Ulardan 444 tasi arxeologiya, 36 tasi me’morchilik va muqaddas qadamjolar, 39 tasi haykaltaroshlik yodgorliklari, 42 tasi diqqatga sazovor joylardir. Endilikda qadimiy Surxon vohasi go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh buloq suvlari, siru-sinoatli g‘orlari bilan ham dunyoga tanilmoqda.
Yakunlanayotgan yil sarhisob qilinayotgan bir paytda biz davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilab olmoqdamiz. Shunga muvofiq Yangi yilda vohada ichki turizmni keng rivojlantirish orqali yuz mingdan ortiq mahalliy sayyohni qabul qilish mo‘ljallanmoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridan 45 mingdan ziyod xorijlik sayyohlar kelishi kutilayotir. Buning uchun sayyohlik obektlari sonini oshirish, mehmonlarga qulay sharoitlar yaratish, xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor beriladi. Lo‘nda qilib aytganda, Yangi yilda ham Surxondaryo sayyohlarni maftun etishda davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA