Surxondaryo delegatsiyasi Tataristonda
Bugun Surxondaryo viloyatining bir guruh tuman hokimlari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiya a’zolari Qozon shahrida o‘tkaziladigan “Rossiya – Islom dunyosi 2024: Kazanforum” 15-xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish uchun Tataristonga yetib bordi.
Bu haqda O‘zAga xabar bergan viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatovning ma’lum qilishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Sherali Jo‘rayev boshchiligidagi delegatsiya safarning ilk kuni “Kazan Xalal Market” xalqaro savdo yarmarkasining ochilish marosimida qatnashdi. Shuningdek, Sherali Jo‘rayev Tatariston Respublikasi sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, o‘tgan muzokaralar chog‘ida belgilab olingan loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etdi.
[gallery-17417]
Delegatsiya a’zolari Qozon shahridagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Kazanforum” Rossiya Federatsiyasi va islom dunyosi mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning asosiy federal platformasi bo‘lib, uning maqsadi Rossiya va Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Joriy yilgi forum doirasida “Rossiya Halal Expo 2024” iqtisodiy, ilmiy va texnologik hamkorlik xalqaro ko‘rgazmasi, Qozon halol bozori xalqaro savdo yarmarkasi va boshqa tadbirlar, festivallar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Viloyat delegatsiyasining Tatariston Respublikasiga safari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri