Surgun qilinganlarning achchiq qismati
Fargʻona viloyatida ham mustabid tuzumning qatagʻon siyosati qurboni boʻlganlar oz emas. Bagʻdod tumanilik Madumar bobo, uning oʻgʻli Mamadorif Madumarov va kelini Tojiniso Madumarova ham ana shunday ayanchli taqdirni boshdan kechirishgan.
(rukn) 31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni
Fargʻona viloyatida ham mustabid tuzumning qatagʻon siyosati qurboni boʻlganlar oz emas. Bagʻdod tumanilik Madumar bobo, uning oʻgʻli Mamadorif Madumarov va kelini Tojiniso Madumarova ham ana shunday ayanchli taqdirni boshdan kechirishgan.
Madumar bobo Shoʻroqer qishlogʻining oʻziga toʻq dehqonlaridan edi. Oʻz xoʻjaligida bir necha kishini ish bilan taʼminlagan. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin unga ot-aravasini davlatga topshirish zarurligi aytiladi. Madumar bobo esa ot-aravani davlatga topshirishni xohlamagan. Keyinchalik uning barcha yer-mulki tortib olinib, oʻzini taʼqib qila boshlaydilar. Madumar bobo qochib, hozirgi Rishton tumanidagi Qayragʻoch qishlogʻida, qarindoshlarinikida yashirinadi. Uning keyingi taqdiri haqida maʼlumot yoʻq. Chunki uning oʻgʻli va kelini quloq qilingandan keyin Madumar boboning taqdiri bilan hech kim qiziqmagan. Balki, bolsheviklar uni topib, otib tashlashgan yoki uzoq Sibir oʻlkalariga surgun qilgan boʻlishi mumkin.
Madumar boboning oʻgʻli Mamadorif Madumarov va kelini Tojiniso Madumarovani (15 kunlik kelin-kuyovni) quloq qilib, Ukrainaning Xerson viloyatiga koʻchirib yuborishadi. Ular Xerson viloyati Kaxovsk tumanidagi Sukurniy qishlogʻida yashaydi. Bu qishloqda Qoʻqon atroflaridagi tumanlardan quloq qilingan toʻqqiz oila juda ogʻir sharoitda istiqomat qilgan va ishlagan. Mamadorif va Tojiniso oʻsha qishloqda uch farzand koʻrishgan (ikki qiz, bir oʻgʻil). Katta qizlari Marhamatxon 1932 yoki 1933-yilda tugʻilgan, toʻrt yoshida qizamiq kasalligidan vafot etgan. Oʻgʻillari Abdumannon 1937-yilda tugʻilgan va hozir hayot. Kichigi Muhabbatxon 1940-yilda tugʻilgan va 1946-yilda Oʻzbekistonga qaytib kelishgandan keyin “Moskva” jamoa xoʻjaligida ishchi boʻlib ishlagan, nafaqaga chiqqandan soʻng Shoʻroqer mahallasida umrining oxirigacha yashab, 1999-yilda vafot etgan.
Mamadorif Madumarov Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlaridan frontga joʻnatilgan. Uning qaysi qismlarda, qayerlarda jang qilgani, tirik yoki oʻlgani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, quloq qilingan erkaklarning aksariyati jarima (shtrafnoy) batalyonlarga olingan hamda ular frontning eng ogʻir nuqtalarida oldingi (peredovoy) saflarda jang qilishga majbur etilgan va ularning aksariyat katta qismi halok boʻlgan. Madumarov Mamadorifning taqdiri ham shunday tugagan boʻlishi mumkin.
Uning turmush oʻrtogʻi Tojiniso eri frontga ketgandan keyin qoʻshnisining va oʻzining sigiri qoʻshilgan telega (toʻrt gʻildirakli arava)da aravakashlik qilgan. Oʻgʻli Abdumannon buvaning gaplariga qaraganda, urush yillarida oʻta ogʻir sharoitda ishlashga majbur boʻlgan. Fashistlar bosib olgan paytda ham Sukurniy qishlogʻida quloq qilingan oilalar bir maromda oʻz ishi bilan mashgʻul boʻlgan. Chunki nemislar musulmonlarga tazyiq oʻtkazmagan. Aksincha, ular sovetlardan farqli oʻlaroq, musulmonlarga toat-ibodat qilishiga ruxsat berib, hech qanday moddiy yoki maʼnaviy zarar yetkazmagan, hatto quloq oilalaridan olgan narsalarining pulini toʻlashgan.
Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin Tojiniso buvi 1946-yilda ikki farzandi (Abdumannon va Muhabbatxon) bilan Vataniga qaytib keladi. Quloq qilinganlarga pasport berilmagan, ular yurtiga qaytayotganida vaqtinchalik guvohnoma berilgan. Tojiniso buviga ham USSR Xerson viloyati Kaxovsk tuman NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) boʻlimi tomonidan 3713 raqamli guvohnoma berilgan va mana shu hujjat asosida u oʻz Vataniga qaytgan. Qaytib kelgandan soʻng “Moskva” jamoa xoʻjaligining Shoʻroqer qishlogʻida joylashgan fermada to nafaqaga chiqqunga qadar sut sogʻuvchi boʻlib ishlagan, 1999-yil aprel oyida vafot etgan.
Mamadorif buva va Tojiniso buvilarning yolgʻizgina oʻgʻli Abdumannon buva Madumarov 9 yoshida Vatanga qaytib kelgandan keyin shu yerda taʼlim oldi va traktorchilik kasbini egallab, to nafaqaga chiqquncha jamoa xoʻjaligida traktorchi boʻlib ishladi. Ish faoliyati davomida chin koʻngildan, halol mehnat qildi.
Abdumannon buva turmush oʻrtogʻi Fayziniso buvi Madumarova bilan 1957-yilda turmush qurishgan va besh oʻgʻil, besh qiz, oʻttizdan ortiq nevara-chevaralar qurshovida mustaqillik neʼmatlaridan bahramand boʻlib, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, toʻkin-sochinlikka shukrona keltirib, qishloqning obroʻ-eʼtiborli kishilari sifatida umrguzaronlik qilmoqda.
Abdumannon buvaning soʻzlariga qaraganda, sobiq mustabid tuzum davrida turmush oʻrtogʻi bilan tunu kun mehnat qilgan, lekin oʻn nafar farzandni boqib-tarbiyalash oson boʻlmagan. Oilada iqtisodiy yetishmovchiliklar, qiyinchiliklar koʻp boʻlgan. Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli farzandlari tadbirkorlik bilan shugʻullanib, chet ellarda ishlab, katta oilaning iqtisodiy, uy-joy muammolarini ijobiy hal qilishdi. Bolalikning podsholik davrini surgunda, Ikkinchi jahon urushining dahshatli azobu-uqubatlarida oʻtkazgan Abdumannon buva davlatimizning yoshlarga eʼtiboridan xursand boʻlib, imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini takrorlashdan charchamaydi.
Abdumannon buvaning qalbini bir dard-armon ahyon-ahyonda bezovta qiladi. U ham boʻlsa, bobosi va otasining sobiq mustabid tuzumning nohaq qurboni boʻlgani, nom-nishonsiz yoʻq boʻlib ketgani.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, mustabid tuzumning achchiq mevasidan totmagan, bu siyosatning qabih ishlaridan aziyat chekmagan biror-bir oʻzbek oilasi yoʻq. Xohlagan oila tarixi bilan qiziqsak, albatta, yaqin ajdodlaridan birortasi oʻsha tuzum qurboniga aylanganini koʻrish mumkin.
M.RASULOV,
Fargʻona davlat universiteti
katta oʻqituvchisi.