Suratlarga muhrlangan “Zomin ilhomlari”
Go‘zal Zomin har bir ijodkorga cheksiz ilhom, zavq, xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Respublika yoshijodkorlarning Zomin seminari doirasida taniqli fotograf, mohir ijodkor Ahmad To‘ra ijodiga bag‘ishlangan "Zomin ilhomlari" fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ahmad To‘ra mamlakatimizdagi eng ko‘zga ko‘ringan fotomusavvirlardan sanaladi. Yangi O‘zbekistonimizda Prezidentimiz tomonidan milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va rag‘bat, adabiy jarayonlar, ijodkorlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga oid ibratli ishlar Ahmad To‘raning ziyrak nigohi orqali betakror va mangu tasvirlarga aylangan.
[gallery-24204]
"Zomin ilhomlari" deb nomlangan fotoko‘rgazmada Ahmadjon Ergashevning o‘ttizdan ortiq betakror fotosuratlari namoyish etilmoqda. Bu suratlarda yoshlikka xos g‘ayrat va shijoat, ijod zavqi, ustoz ijodkorlar bilan uchrashuvlar, adabiy davra suhbatlari va anjumanlar, unutilmas va dilbar ijodiy lahzalar aks ettirilgan. Shu bilan birga, Zominning maftunkor tabiati, zumrad archazorlari, billur chashmalari, ko‘m-ko‘k maysazorlari aks ettirilgan fotosuratlar ko‘rgazmaga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.
Aytish kerakki, Ahmad To‘ra mamlakatimizdagi yetakchi nashrlar, bosma ommaviy axborot vositalarida samarali mehnat qilgan. Nashriyot, matbaachilik faoliyati, ommaviy axborot vositalari faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda Ahmad To‘ra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatida samarali mehnat qilib kelmoqda. Uyushmaning har bir loyihasi, taqdimotlar, anjumanlar, xalqaro forumlari, adabiyot bayramlarini tasvirga muhrlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayapti.
Ahmad To‘ra yurtimizda o‘tkazilgan bir qator ijodiy tanlovlar, jumladan, “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Nazokat Usmonova,
Jamshid Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari