Superligada 19-tur yakunlandi: «Neftchi» peshqadamlikni mustahkamladi, «Paxtakor» ochko yo‘qotdi
19-tur yakunida asosiy foyda «Neftchi»ga tegdi.
O‘zbekiston Superligasining 19-tur uchrashuvlari yakunlandi. Tur davomida peshqadam «Neftchi» ishonchli g‘alabaga erishgan bo‘lsa, uning eng yaqin ta’qibchisi «Paxtakor» Samarqandda ochko yo‘qotdi. «Navbahor» esa ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritib, kuchli uchlikdagi o‘rnini mustahkamladi.
Turning dastlabki bahsida «Neftchi» o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Zoran Marushich dubl qayd etgan bo‘lsa, Stipe Perica yakuniy nuqtani qo‘ydi. Shu tariqa farg‘onaliklar avvalgi turdagi «Buxoro»dan uchralgan 1:4 hisobidagi og‘ir mag‘lubiyatga munosib javob qaytardi.
«Qo‘qon-1912» va «Buxoro» bahsida esa g‘olib aniqlanmadi — 1:1. Qo‘qonliklar Javohir Sidiqovning penaltidan kiritgan goli evaziga oldinga chiqdi. Biroq «Buxoro» 90+2-daqiqada Shahzodbek Ubaydullayev orqali hisobni tenglashtirib, safardan bir ochko bilan qaytdi.
«Andijon» o‘z maydonida «Xorazm»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv taqdirini 87-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Martin Boake hal qildi. «Burgutlar» shu tariqa ketma-ket ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
«Surxon» va OKMK o‘rtasidagi uchrashuvda esa darvozalar daxlsiz qoldi — 0:0. Termizliklar 17-daqiqadayoq Behruz Shukurullayev chetlatilgach, uchrashuvning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishiga qaramay, ochko olishga muvaffaq bo‘ldi.
Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Samarqandda kechdi. «Dinamo» va «Paxtakor» 1:1 hisobida durang qayd etdi. Natijada chempionlik uchun kurashayotgan «sherlar» peshqadam «Neftchi» bilan oradagi farqni qisqartirish imkoniyatidan foydalana olmadi.
19-turning so‘nggi kunida «Lokomotiv» Toshkent derbisida «Bunyodkor»ni 4:1 hisobida tor-mor etdi. «Temiryo‘lchilar» safida Shodiyor Shodiboyev, Sardor Mirzayev, Jasur Yaxshiboyev va Suhrob Nurulloyev gol urdi. Ushbu g‘alaba «Lokomotiv»ni 31 ochko bilan 5-o‘ringa olib chiqdi.
«Navbahor» esa safarda «Mash’al»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. «Lochinlar»ning gollariga Jasur Jaloliddinov va Shohruhbek Abdurahmonov mualliflik qildi. Namanganliklar ochkolari sonini 37 taga yetkazib, 3-o‘rindagi mavqeini mustahkamladi. «Mash’al» esa 4 ochko bilan so‘nggi pog‘onada qolmoqda.
Turning yana bir kutilmagan natijasi Navoiyda qayd etildi. «Qizilqum» o‘z maydonida «Nasaf»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni 43-daqiqada Nodirxon Nematxonov kiritdi. Natijada «Qizilqum» 23 ochkoga yetgan bo‘lsa, «ajdarlar» 25 ochko bilan 9-o‘rinda qoldi.
19-tur natijalari
«Neftchi» 3:0 «So‘g‘diyona»
«Qo‘qon-1912» 1:1 «Buxoro»
«Andijon» 1:0 «Xorazm»
«Surxon» 0:0 OKMK
«Dinamo» 1:1 «Paxtakor»
«Lokomotiv» 4:1 «Bunyodkor»
«Mash’al» 0:2 «Navbahor»
«Qizilqum» 1:0 «Nasaf»
19-tur yakunida asosiy foyda «Neftchi»ga tegdi. Farg‘onaliklar o‘z uchrashuvida uch ochko olgan bir paytda «Paxtakor» durang qayd etdi. «Navbahor» esa peshqadamlar ortidan quvishni davom ettirmoqda.