Superliga peshqadami bugun o‘z uyida o‘ynaydi
Bugun, 19 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 10-turning so‘nggi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda OKMK o‘z maydonida "Neftchi"ni qabul qiladi. Mazkur bahs soat 20:00 da OKMK stadionida boshlanadi.
Kuni kecha ushbu tur doirasida uchta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Unda “Qizilqum” o‘z maydonida “Paxtakor” klubiga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Poytaxt jamoasiga g‘alaba keltirgan gollarga Igor Sergeyev, Muhammadali O‘rinboyev va Dostonbek Hamdamov mualliflik qildi.


Shuningdek, Toshkentda o‘tkazilgan "Bunyodkor" – "Navbahor" bahsida 2:3 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, “Xorazm” o‘z maydonida “Mash’al”ga qarshi o‘yin o‘tkazib, yirik - 3:0 hisobida zafar quchdi.

Mazkur uchrashuvlardan so‘ng, “Paxtakor”ning ochkolari 15 taga yetgan bo‘lsa, “Qizilqum” 11 ochko bilan qoldi. “Navbahor” safardagi muvaffaqiyat samarasida 17 ochko jamg‘arib, hisobida 16 ochko bo‘lgan “Bunyodkor”ni ortda qoldirdi. “Xorazm” esa ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng 11 ochko to‘plagan holda “Mash’al” jamoasiga yetib oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA