Superliga: "Paxtakor" markaziy uchrashuvda "Nasaf"dan ustun keldi
"Markaziy" stadionidagi murosasiz bahsda toshkentliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Superliganing 17-turi Qarshida o‘tkazilgan "Nasaf" va "Paxtakor" o‘rtasidagi markaziy uchrashuv bilan yakunlandi. "Markaziy" stadionidagi murosasiz bahsda toshkentliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Mehmonlar dastlabki golni "Nasaf" futbolchisining xatosi evaziga urdi. 15-daqiqada himoyachi Alibek Davronov to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. Tanaffusga qadar qarshiliklar javob qaytara olmadi va birinchi bo‘lim "Paxtakor"ning minimal ustunligi bilan tugadi.
Ikkinchi bo‘lim mezbonlar uchun omadli boshlandi. 48-daqiqada Sharof Muhiddinov raqib darvozasini ishg‘ol etib, hisobni tenglashtirdi.
Uchrashuvning hal qiluvchi vaziyati 71-daqiqada yuz berdi. "Paxtakor" futbolchisi Oybek Bozorov jamoasining ikkinchi golini urib, toshkentliklarni yana oldinga olib chiqdi. Qolgan daqiqalarda "Nasaf" mag‘lubiyatdan qutula olmadi — 1:2.
Mazkur g‘alabadan so‘ng Kamoliddin Tojiyev boshqaruvidagi "Paxtakor" ochkolari sonini 38 taga yetkazib, turnir jadvalidagi ikkinchi o‘rnini mustahkamladi. Peshqadam "Neftchi" 42 ochko bilan toshkentliklardan to‘rt ochko oldinda bormoqda. "Nasaf" esa 25 ochko bilan yettinchi pog‘onada qoldi.
"Paxtakor" 17 ta uchrashuvning 11 tasida g‘alaba qozongan, beshta bahsda durang qayd etgan va faqat bir marta mag‘lubiyatga uchragan.
Superliga, 17-tur
"Nasaf" — "Paxtakor" — 1:2
Gollar: Alibek Davronov, 15 (avtogol) — 0:1, Sharof Muhiddinov, 48 — 1:1, Oybek Bozorov, 71 — 1:2.