Superliga: «Paxtakor» azaliy raqibiga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston Superligasining 24-tur uchrashuvlari doirasida bugun «Lokomotiv» — «Nasaf», «Navbahor» — «Paxtakor» va «Dinamo» — «Buxoro» jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Markaziy uchrashuvda Namanganning «Navbahor» jamoasi o‘z maydonida Toshkentning «Paxtakor» klubini qabul qiladi. Ayni paytda har ikki jamoa ham chempionlik uchun kurash olib bormoqda. Ayniqsa, o‘tgan turda «Paxtakor» amaldagi chempion «Neftchi» bilan ochkolar sonini tenglashtirib, turnir jadvalidagi raqobatni yanada keskinlashtirdi.
Namangan shahridagi «Markaziy» stadionda soat 19:00 da boshlanadigan ushbu bahs oldidan azaliy raqiblarning milliy chempionat doirasidagi o‘zaro uchrashuvlari statistikasiga nazar tashlaymiz.
Jamoalar shu kunga qadar 71-marta kuch sinashgan. Ushbu uchrashuvlarning 42 tasida «Paxtakor», 15 tasida «Navbahor» g‘alaba qozongan. Qolgan 14 ta bahsda durang qayd etilgan. Kiritilgan gollar nisbati ham poytaxtliklar foydasiga — 114:59. Jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlarda qayd etilgan eng yirik hisob 7:0 bo‘lib, 2009-yili Toshkentda o‘tgan bahsda «Paxtakor» shunday g‘alabaga erishgan.

Kuni kecha Superliganing 24-turi doirasida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vodiy derbisida «Neftchi» safarda «Qo‘qon-1912»ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Qo‘qon shahridagi «Markaziy» stadionda o‘tgan bahsda Toma Tabatadze 11-daqiqada mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq, Zoran Marushich oradan uch daqiqa o‘tib, muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda Nurmuhammad Abdug‘aniyev 48-daqiqada farg‘onaliklarni oldinga olib chiqdi. Shahzod Akramov 50-daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 57-daqiqada Zoran Marushich o‘zining ikkinchi golini kiritdi. 86-daqiqada Koffi Kouao uchrashuvdagi so‘nggi golni urib, «Neftchi»ning 4:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Neftchi» ochkolarini 55 taga yetkazib, turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Qo‘qon-1912» esa 23 ochko bilan 13-pog‘onada qoldi.

Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida kechgan bahsda mezbonlar «So‘g‘diyona» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Samandarjon Mavlonqulov 28-daqiqada jizzaxliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 86-daqiqada Matiya Krivokapich «Bunyodkor»ga bir ochko taqdim etdi. Mazkur natijadan so‘ng «So‘g‘diyona» 29 ochko bilan 11-o‘rinni, «Bunyodkor» esa 23 ochko bilan 14-o‘rinni egallab turibdi.
Turning yana bir uchrashuvida «Surxon» va «Xorazm» jamoalari 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Ushbu natijadan keyin «Surxon» 28, «Xorazm» esa 23 ochko jamg‘ardi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA