Superliga: 5-tur start olmoqda
FIFA kunlari munosabati bilan yuzaga kelgan qariyb ikki haftalik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston Superligasi bahslari yana davom etadi. Bugun, 2-aprel kuni milliy chempionatimizda 5-tur uchrashuvlariga start beriladi.
Turning bugungi dasturidan ikki qiziqarli bahs o‘rin olgan. Unda “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi (18:00). Shuningdek, Toshkent derbisida “Bunyodkor” hamda “Lokomotiv” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi (19:00).
5-turning qolgan o‘yinlari 3–4-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 3-aprel kuni “Xorazm” — “Dinamo” (18:00), “Navbahor” — “Mash’al” (19:00), “Nasaf” — “Andijon” (20:15) uchrashuvlari o‘tkaziladi. 4-aprel dasturidan esa “Paxtakor” — OKMK (17:00), “Qizilqum” — “Neftchi” (18:00) va “Surxon” — “Buxoro” (19:15) bellashuvlari joy olgan.

Ma’lumot uchun, 4-tur yakunlariga ko‘ra, “Neftchi” 12 ochko bilan musobaqa jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Buxoro” 10 ochko bilan ikkinchi, “Paxtakor” esa 9 ochko bilan uchinchi pog‘onadan joy olgan.
Shuningdek, 7 ochkodan jamg‘argan “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Bunyodkor” klublari to‘plar nisbatiga ko‘ra 4–6-o‘rinlarni band etgan. 6 ochkodan jamg‘argan “Qizilqum”, “Navbahor” va “Andijon” keyingi pog‘onalarda bormoqda.
Jadvalning 10–14-o‘rinlarida “Xorazm”, OKMK, “Surxon”, “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” jamoalari 4 ochkodan to‘plagan holda joylashgan. “So‘g‘diyona” hisobida 1 ochko bo‘lib, 15-o‘rinni egallab turibdi. Hozirgacha ochko jamg‘armagan “Mash’al” esa 16-pog‘onada qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA