Superliga: 21-turdan so‘ng jadvaldagi vaziyat qanday?
O‘zbekiston Superligasida 21-tur yakunlandi. Qiziqarli uchrashuvlar turnir jadvalidagi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Peshqadamlik uchun kurash yanada keskinlashdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan kechagi uchrashuvlarda «Navbahor» safarda «Buxoro»ni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, «Lokomotiv» o‘z maydonida «Mash’al» ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, milliy chempionatimizning 21-tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Natijada «Neftchi» klubi 48 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlikni saqlab qoldi. «Paxtakor» 46 ochko to‘plab ikkinchi, «Navbahor» esa 41 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinni egalladi. So‘nggi turlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan «Lokomotiv» jamoasi ochkolarini 35 taga yetkazib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, «Buxoro» ketma-ket ikki turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng 34 ochko bilan beshinchi pog‘onaga tushib ketdi.
Superliga jadvalida OKMK — 32, «Nasaf» — 31, «Andijon» — 30, «Dinamo» — 30 va «So‘g‘diyona» — 28 ochko to‘plab, 6–10-pog‘onalarni band etgan. Quyi o‘rinlarda «Qizilqum» — 26, «Surxon» — 23, «Xorazm» — 21, «Qo‘qon-1912» — 20, «Bunyodkor» — 19 ochko bilan joylashgan. «Mash’al» esa 4 ochko bilan oxirgi — 16-o‘rinda bormoqda.

O‘tgan 21 tur davomida «So‘g‘diyona» hujumchisi Lyupcho Doriyev 14 ta gol urib, to‘purarlar poygasida peshqadamga aylangan. «Neftchi» vakili Stipe Peritsa 12 ta gol bilan uni ta’qib qilmoqda. «Lokomotiv» futbolchisi Temurxo‘ja Abduholiqov esa 11 ta gol muallifiga aylangan holda kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
Superliganing 22-tur uchrashuvlari 17–21-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Tur doirasidagi bahslar taqvimi quyidagicha:
17-sentabr: «Navbahor» — «Dinamo»;
19-sentabr: «Mash’al» — «Paxtakor», «Bunyodkor» — «Buxoro»;
20-sentabr: «Andijon» — «Nasaf», «So‘g‘diyona» — OKMK, «Lokomotiv» — «Neftchi»;
21-sentabr: «Surxon» — «Qo‘qon-1912», «Xorazm» — «Qizilqum».
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA