Superliga: 13-tur tahlili. "Neftchi" peshqadamlikni mustahkamladi, "Navbahor" inqirozdan chiqa olmadi
Superliga kundan-kunga qizimoqda.
Jahon chempionati sabab yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston Superligasi yuqori tempda davom etmoqda. 13-tur uchrashuvlari murosasiz va gollarga boy tarzda o‘tdi. Tur davomida darvozalarga umumiy 28 ta gol kiritildi. Har bir bahsga o‘rtacha 3,5 tadan gol to‘g‘ri keldi.
Bu turda turnir jadvalining yuqori qismida joylashgan "Neftchi", "Paxtakor", "Buxoro" va OKMK navbatdagi g‘alabalarini qo‘lga kiritdi.
"Neftchi" yana kambek qildi
Joriy mavsumda chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turgan "Neftchi" safarda "So‘g‘diyona"ni yirik 5:1 hisobida mag‘lub etdi.
Hisobni 22-daqiqada mezbonlar safida Petar Michin ochdi. Shundan keyin Islom Ismoilov shogirdlari hujumdagi ustunligini namoyish etib, Jamshid Iskandarov, Anvar G‘ofurov, Stipe Peritsa (dubl) va Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning gollari evaziga yirik g‘alabaga erishdi.
Jamshid Iskandarov 1 gol va 1 assist qayd etib, Sofascore talqiniga ko‘ra 8,3 ball bilan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. U ayni paytda 6 ta assist bilan Superliganing eng yaxshi assistenti bo‘lib turibdi.
E’tiborlisi, "Neftchi" ketma-ket ikkinchi turda ham avval gol o‘tkazib yuborgan holda kambek amalga oshirdi. Bu jamoaning final hushtagigacha g‘alaba uchun kurashayotganini ko‘rsatmoqda.
"Paxtakor" qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi
12-turda muhim ochkolarni yo‘qotgan "Paxtakor" bu safar ham oson g‘alaba qozona olmadi. "Sherlar" o‘z maydonida "Xorazm"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Mehmonlar birinchi bo‘lib hisobni ochdi. Ammo Sardor Sobirxo‘jayev muvozanatni tikladi. Yozgi transferlar oynasida jamoaga kelib qo‘shilgan Stefan Chinedu esa g‘alaba goliga mualliflik qildi.
Statistikaga nazar tashlasak, Kamoliddin Tojiyev shogirdlari barcha ko‘rsatkichlarda ustunlik qildi: 57 foiz to‘p nazorati, 19 ta zarba va 3,82 xG. Bu turdagi eng yuqori xG ham aynan "Paxtakor" foydasiga edi.
"Buxoro" kuchli uchlikda qolmoqda
"Buxoro" o‘z maydonida moliyaviy muammolarga duch kelayotgan "Bunyodkor"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Aleksandr Xomyakov shogirdlari 10 ta zarba va 0,78 xG bilan raqibdan ustun bo‘ldi. Yagona golga Asadbek Jo‘raboyev mualliflik qildi.
"Bunyodkor" esa Superligada ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatini qabul qildi.
Bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev klubdagi og‘ir vaziyat haqida shunday dedi:
"Vaziyat hamon og‘ir. O‘tgan yil dekabrdan beri maosh olmagan futbolchilar bor. Prezidentimiz bu muammoni hal qilishga harakat qilmoqda. Ammo dekabrdan beri deyarli hech narsa o‘zgargani yo‘q."
OKMK raqibini ayamadi
Tarkibi jihatidan quyi o‘rinlarga munosib bo‘lmagan "Qo‘qon-1912" o‘z maydonida OKMKni qabul qildi va 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Olmaliqliklar 59 foiz to‘p nazorati, 21 ta zarba (9 tasi aniq) va 1,65 xG bilan ustunlik qildi. Gollarga Siavash Haqnazari, Asad Sobirjonov (dubl) va Nodirbek Abdurazzoqov mualliflik qildi.
Turning eng chiroyli gollaridan biri ham Asad Sobirjonov hisobiga yozildi. U jarima maydoni tashqarisidan oyog‘ining tashqi qismi bilan ajoyib zarba yo‘lladi.
Shuningdek, turning eng yuqori tezligi ham OKMK futbolchisi Aziz Xolmurodov tomonidan qayd etildi — 35,05 km/soat.

"Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov mag‘lubiyatdan keyin futbolchilaridan qattiq norozi ekanini yashirmadi:
"O‘zingizning sevimli ishingizga bunday munosabatda bo‘lish yaramaydi. Ikkinchi bo‘limda maydonga chiqdik va... Men uyalib ketdim. Jamoa yutqazsa, hamma murabbiyni ayblaydi. Lekin bu yerda faqat murabbiy aybdor emas."
Darhaqiqat, "Qo‘qon-1912" barcha gollarni ikkinchi bo‘limda o‘tkazib yubordi.
"Navbahor" inqirozdan chiqa olmayapti
Ketma-ket muvaffaqiyatsiz natijalar qayd etayotgan "Navbahor" bu turda ham "Qizilqum" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Namanganliklar 77 foiz to‘p nazorati, 11 ta zarba va yuqori statistik ustunlikka ega bo‘lsa-da, g‘alaba qozona olmadi. Temur Kapadze shogirdlari ketma-ket beshinchi uchrashuvda ham g‘alaba nimaligini his qila olmadi. Jamoaga yangi kelgan Jasur Jaloliddinov va Joel Kojo maydonga tushganiga qaramay, hisob o‘zgarmadi. Bu bahsda Dilshod Komilovning harakatlari alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Chap qanot himoyachisi gol urdi va hujumlarga muntazam qo‘shildi. Ammo uning sa’y-harakatlari g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi. Endi "Navbahor"ni vodiy derbisida "Neftchi"ga qarshi muhim bahs kutmoqda.
Turning eng sermahsul bahsi
13-turning eng tomoshabop uchrashuvi "Lokomotiv" — "Andijon" o‘rtasida kechdi — 3:3. "Temiryo‘lchilar" Sardor Mirzayev va Abdulloh Yo‘ldashev gollari bilan ikki to‘p farqiga chiqib oldi. Biroq Dragan Cheran va Aleksandr Andronikashvili hisobni tenglashtirdi.
"Lokomotiv" yana oldinga chiqdi. Ammo taslim bo‘lishni istamagan "Andijon" safida yosh hujumchi Hamidullo Karimov Superligadagi debyut golini urib, hisobni 3:3 ko‘rinishiga keltirdi. Karimov bir kun avval yoshlar chempionatida ham gol urgandi. U ayni paytda U-21 chempionatining 13 ta gol bilan eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
"Voha derbisi"da durang
"Mash’al" va "Nasaf" o‘rtasidagi voha derbisi 1:1 hisobida yakunlandi.Avval Strahinja Boshnyak mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, keyinchalik Sardor Bahramov muvozanatni tikladi. "Nasaf" butun o‘yin davomida ustunlik qildi: 78 foiz to‘p nazorati, 29 ta zarba va 13 ta aniq zarba. Bu turdagi eng yuqori to‘p nazorati va eng ko‘p zarba ko‘rsatkichi ham aynan qarshiliklar hisobiga yozildi.

Shunga qaramay, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari g‘alaba golini ura olmadi. So‘nggi o‘rindagi "Mash’al" esa Sergey Lushan boshchiligida ikki o‘yinda to‘rt ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
"Dinamo" irodali g‘alabaga erishdi
"Dinamo" safarda bir kishi kam bo‘lib qolgan holda "Surxon"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Bu uchrashuvni turdagi eng ko‘p tomoshabin — 5 227 nafar muxlis stadiondan kuzatdi.
Samarqandliklar safida Anvar Xojimirzayev dubl qayd etdi. "Surxon" darvozaboni Otabek Boymurodov esa ikkinchi golda ham jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Shu bilan birga, statistikaga ko‘ra, "Surxon" 71 foiz to‘p nazorati, 16 ta zarba (7 tasi aniq) bilan raqibdan ustun o‘ynadi.
13-turda eng yuqori aniq uzatmalar ko‘rsatkichi ham aynan "Surxon" hisobiga yozildi.

Turnir jadvali:
Mavsum avvalida "Neftchi" va "Paxtakor"ning chempionlik uchun asosiy da’vorgar ekanligini taxmin qilgan edi. Ushbu ikki klub qolganlarda ancha ilgarilab ketdi. 13 turdan so‘ng "Neftchi" 11 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 34 ochko jamg‘arib, yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. "Paxtakor" 30 ochko bilan ikkinchi, "Buxoro" esa 23 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
4-o‘rindagi OKMK (22), "Navbahor" (21), "Lokomotiv" (19) va "Bunyodkor" (19) o‘rtasidagi farq juda kam.
Jadvalning eng quyi pog‘onasini esa 4 ochko bilan "Mash’al" egallab turibdi.